Qishning g‘amini yozda ye. AQSH Tayvanda vaziyat og‘irlashishiga tayyorlana boshladi

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar mahalliy sanoatning muhim tarmoqlarini, jumladan, mamlakatda yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga o‘nlab milliard dollar sarmoya kiritmoqchi. AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 9 avgust kuni yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonunni imzolab, uning yordami bilan Qo‘shma Shtatlar “XXI asrning iqtisodiy raqobatida g‘alaba qozona olishini” ta’kidlagan.

Kongress ushbu hujjatni iyul oyi oxirida tasdiqladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday qonunning qabul qilinishi, ayniqsa, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar nuqtai nazaridan Bayden uchun muhim ahamiyatga ega.

Hujjatga ko‘ra, AQSHda yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun 52,7 milliard dollar yo‘naltirilishi kerak. Qonun loyihasida AQSHning tashqi ta’minotga qaramligini kamaytirish va Xitoy bilan raqobatda mamlakat mavqeini mustahkamlash nazarda tutilgan.

Mamlakat Prezidenti tomonidan qonun imzolanishidan biroz avval amerikalik kompyuter texnikasi ishlab chiqaruvchi Micron kompaniyasi AQSHda yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishga 40 milliard dollar sarmoya kiritish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Kompaniya “joriy o‘n yillikning ikkinchi yarmida” ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi ekanini ta’kidladi, ammo zavodlarni aynan qayerda qurmoqchi ekaniga oydinlik kiritmadi.

O‘z navbatida, Bayden yana ikkita Amerika korxonasi – GlobalFoundries va Qualcomm birgalikda yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishga xorijda emas, balki AQSHda 4 milliard dollar sarmoya kiritmoqchi ekanligini aytdi.

“Reuters” va “Ipsos” instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, joriy haftada Qo‘shma Shtatlarda Baydenni jamoatchilik qo‘llab-quvvatlashi 40 foizgacha ko‘tarilib, iyun oyi boshidan beri eng yuqori darajaga yetdi. May oyida Jo Baydenning AQSH Prezidenti sifatidagi faoliyatini mamlakat aholisi orasida ma’qullash eng past darajaga tushib ketgandi – 36 foiz.

AQSHning yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishga sarmoya kiritishga urinishi Xitoyning Tayvan atrofida harbiy harakatlari kuchaytirgani va umuman mintaqada vaziyat keskinlashgani sabab bo‘lishi mumkin. Negaki Tayvan dunyoning eng yirik yarimo‘tkazgich ishlab chiqarish xabi hisoblanadi. Orolda vaziyat yomonlashsa, bu butun dunyoda yarimo‘tkazgichlar taqchilligini keltirib chiqaradi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh

Baholaganlar

193

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing