Qishloq xo‘jaligidagi barcha yerlar ijara huquqiga o‘tkaziladi
Jamiyat
−
09 Sentabr 15512 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2027 yilgacha qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan barcha yerlar ijara huquqiga o‘tkaziladi. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, oxirgi besh yilda yer hisobini yuritish bo‘yicha yangi tizim yaratilgan, qisqa vaqtda mamlakatdagi 45 million gektarga yaqin yer maydonidan 42 million gektari, ya’ni 94 foizi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 26 million gektardan ziyod yerlarning 88,4 foizi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Taqdimot davomida ilgari fuqarolar va tashkilotlar foydalanishida bo‘lib, tuman hokimliklari tasarrufiga qaytarilgan bo‘sh yerlarning hisobini alohida yuritish zarurligi ta’kidlangan. Bunday yerlarni qisqa muddatda auksionga chiqarish bo‘yicha inson omilisiz ishlaydigan tizim yaratish topshirilgan.
“Qishloq xo‘jaligida yerga ijara huquqini bozor aktiviga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlandi, yerga nisbatan qayta ijara, ikkilamchi ijara institutlari kiritildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, endilikda ijaraga berilgan yerlarni qisman qayta ijaraga berishga, ya’ni bir qismini o‘zida olib qolib, qolgan qismini boshqa ijarachiga o‘tkazishga ham ruxsat beriladi. Ilgari bu uchun yerni davlatga qaytarish va yangidan auksionga chiqarish lozim edi.
2021 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlari faqat ijara huquqi bilan ajratilmoqda. Yig‘ilishda 2027 yil 1 yanvargacha qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan barcha yerlarni ijara huquqiga o‘tkazish lozimligi ta’kidlangan.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga xizmat ko‘rsatuvchi ob’ektlar – yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi, texnika parki qurishga ruxsat beriladi.
Buning uchun avval yer tuzish loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Ushbu loyiha qurilishga ruxsat berish paytida yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.
Bu yangilik qishloq xo‘jaligida yangi imkoniyatlarni ochadi, bog‘bon o‘zi bog‘ining bir chetida mevani saqlash joyi, chorvador o‘z yaylovining bir qismida chorva mollari va chorva ozuqasini saqlash joylari qurish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligida ijara munosabatlarini yanada rivojlantirish, ijarachilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, sohaga bozor munosabatlarini yanada keng joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi”, deyiladi xabarda.
Taqdimot yakunida mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha farmon imzolangan, qonunosti hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezidentning joriy yil 4 sentyabr kuni qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan qishloq xo‘jaligida QQSni hisoblashning soddalashtirilgan tartibi joriy etilishi xabar qilingan edi.
Live
Barchasi