Qish g‘amini yozda ye. Lukashenko dafn marosimiga ketadigan xarajatlarni ham davlat zimmasiga yukladi

Olam

image

Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko "Prezident to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlarni imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, bunday o‘zgarishlar oxirgi marta 2006 yilda kiritilgan.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, nafaqaga chiqqan prezident va uning oila a’zolarining daxlsizligi, umrbod himoya va davlat ko‘chmas mulkiga bo‘lgan huquqi kafolatlanadi.

Bundan tashqari, Belarus prezidentligiga nomzod kamida 40 yoshda bo‘lishi, mamlakatda kamida 20 yil doimiy yashashi va u chet davlat fuqaroligi, xorijda yashash uchun ruxsatnoma yoki  boshqa imtiyozlarga ega bo‘lmasligi kerak.

O‘z vazifasini bajarishni to‘xtatgan prezident Butun Belarus xalqi majlisi delegati va Respublika kengashining umrbod a’zosi bo‘lib qoladi. Shuningdek, sobiq prezident va uning oilasi hukmronlik davrida sodir etilgan jinoyatlari uchun daxlsizlik huquqiga egadir. Ularga nisbatan protsessual harakatlarga va ozodlikdan mahrum etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yangi qonunda, shuningdek, prezidentni dafn etish va xotirasini abadiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar davlat byudjeti hisobidan qoplanishi ko‘rsatilgan. 

Lukashenkoning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar shaxsan o‘zi tomonidan amalga oshirilmagan, balki konstitutsiyaviy o‘zgarishlar va “huquqni qo‘llash amaliyoti” natijasida qabul qilingan. Qo‘shimcha ravishda, u farzandlari prezident bo‘lmasligiga va’da bergan.

Ayni paytda bu tuzatishlar Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning lavozimidan ketganidan keyin muhim davlat lavozimlarini saqlab qolishga urinishlari bilan qiyoslanib, jamoatchilik tanqidiga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun, Lukashenko Belarus Respublikasini 1994 yildan buyon boshqarib keladi va prezidentning vakolatlari 2025 yilda tugaydi, ammo Belarusda prezident cheksiz va ko‘p marta qayta saylanish huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, qo‘shni Qozog‘istonning amaldagi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2026 yil prezidentlikdan ketishi va Konstitutsiyani o‘zgartirmasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

qonun Aleksandr Lukashenko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing