Qirol Charlz III Blackpink’ni mukofotladi
Madaniyat-san’at
−
24 noyabr 2023
7551Qirol Charlz III Blackpink K-Pop guruhidagi qo‘shiqchilarga Britaniya imperiyasi ordeni faxriy a’zosi medallarini topshirdi. Bu haqda Bukingem saroyi xabar berdi.
Medallarni topshirish jarayonida Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol va birinchi xonimi Kim Gon Xi ishtirok etgan. Ayni paytda Prezident 3 kunlik davlat tashrifi bilan Buyuk Britaniyada bo‘lib turgandi.
Kvartet – Jenni, Jisu, Liza va Rouz – medallarni olayotganda Britaniya monarxi bilan suhbatlashgan va birga suratga tushgan.
"Umid qilamanki, qachondir jonli ijroingizdan bahramand bo‘laman. Shuncha yillardan keyin hamon bir-biringiz bilan gaplashayotganingiz hayratlanarli", deb hazillashgan Qirol Charlz guruh a’zolariga.
Bukingem saroyining ma’lum qilishicha, Blackpink guruhi a’zolari 2021 yilda Glazgoda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim bo‘yicha sammiti COP26 da tutgan o‘rni uchun medallar bilan taqdirlangan.
Qayd etish joizki, Blackpink joriy yilning iyul oyida Buyuk Britaniyadagi yirik musiqa festivalida chiqish qilgan birinchi K-pop guruhiga aylangan va London markazidagi BST Hyde Park yozgi festivalida 65 000 olomon oldida kuylagan.
Ma’lumot uchun, 2016 yilda debyut qilganidan beri Blackpink dunyodagi eng muvaffaqiyatli qizlar guruhlaridan biriga aylangan. Guruh YouTube'da eng ko‘p obunachiga ega ijrochilar sifatida rekordni yangilagan.