Qirg‘izistonning yana bir sobiq Bosh vaziri qamoqqa olindi
Olam
−
04 avgust 2021
6007Qirg‘izistonning sobiq Bosh vaziri Temir Sariyev “Qumtor” oltin konini o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirish chog‘ida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani bo‘yicha ochilgan ish doirasida hibsga olindi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) xabar berdi.
Sobiq Bosh vazir ekologik zarar summasini kamaytirib ko‘rsatishda gumonlanmoqda.
“Tergov harakatlari natijalari va ish bo‘yicha olingan dalillar asosida 3 avgust kuni tergov Sariyevni hibsga olishga qaror qildi. U MXDQ tergov izolyatoriga joylashtirilgan”, deyiladi xabarda.
Temir Sariyev Iqtisodiyot vaziri va tegishli Davlat komissiyasi raisi bo‘lgan paytda “Qumtor” konining ishidan atrof -muhitga yetkazilgan zarar miqdorini bir necha milliard somga kamaytirganlikda gumon qilinmoqda.
Bundan avval mamlakatning ikki sobiq Bosh vaziri Muhammadmedkali Abilgaziyev va Omurbek Babanov "Qumtor" konini o‘zlashtirish loyihasida korrupsiyaga yo‘l qo‘yishda gumonlanib hibsga olingandi.
Eslatib o‘tamiz, 2 avgust kuni respublikaning sobiq rahbari, 2005 yilgi inqilobdan keyin Rossiyada yashagan Asqar Akayev Qirg‘izistonga qaytgandi. Bishkekda u avval so‘roqqa tutilgan, keyin Prezident Sadir Japarov tomonidan shaxsan qabul qilingan. Rasmiylar janob Akayev ularga Kanadaning Centerra Gold Inc. kompaniyasi bilan “Qumtor” koni bo‘yicha yuzaga kelgan mojaroda yordam berishiga umid qilmoqda.
LiveBarchasi