Qirg‘izistonlik sobiq mansabdor davlatga 200 mln dollar to‘ladi

Olam

image

Qirg‘iziston Davlat bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov davlat byudjetiga 200 million dollar to‘ladi. Bu haqda bugun, 14 noyabr kuni respublika parlamenti yig‘ilishida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi.

Tashiyevga ko‘ra, hozirda Matraimovga nisbatan uchta modda – “Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish”, “Bezorilik” va “Jinoyat yo‘li bilan topilgan daromadlarni legallashtirish” bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

“Tekshiruv sakkiz oy davom etdi. Matraimov 200 million dollarni byudjetga to‘ladi va shundan so‘ng u ozod etildi. Biznes bilan shug‘ullanuvchi deputatlar bu juda katta pul ekanini biladi. 200 million dollar – bu 17 milliard somni tashkil etadi. U ilgari ham qariyb 2,5 milliard som to‘lagan edi, jami 19,5 milliard bo‘ldi”, dedi Tashiyev.

Shuningdek, u Matraimov pulni naqd shaklda emas, balki mulk ko‘rinishida to‘laganini, ammo ekspertlar uning qiymatini bozor narxidan past baholaganini ta’kidlagan.

“Masalan, poytaxtdagi Chingiz Aytmatov prospektida Matraimovga tegishli 14 qavatli biznes markazi bor edi. Bu binoni kuch tuzilmalari uchun katta shifoxonaga aylantiramiz. Uning qiymati 53 million dollarga baholangan, biz uni 32 million dollarga qabul qildik. O‘sh shahrida esa “Ixlos” kompaniyasi katta shaharchani qurayotgan edi, bu yerda uy-joylar va biznes markazlari bo‘lishi rejalashtirilgandi. Kvadrat metrining bahosi 1,7 ming dollar bo‘lgan, biz esa uni 1,2 ming dollarga baholadik. Ularning barchasini davlat komissiyasiga topshirdik, keyinroq bu mulklarni sotib, pulni muomalaga kiritish osonroq bo‘ladi”, dedi Tashiyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda Prezident Sadir Japarov tomonidan ishdan bo‘shatilgan Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Quban Adil o‘g‘li uyushgan jinoiy guruhni moliyalashtirishda ayblanib, hibsga olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston mansabdor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing