Qirg‘izistonlik Olimpiada sovrindorlari nima bilan taqdirlandi?

Sport

image

Fransiyada joriy yilning 26 iyul – 11 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan 2024 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘z nihoyasiga yetdi. Unda 32 ta sport turi bo‘yicha 329 ta medallar jamlanmasi uchun kurashildi. O‘yinlarda 206 ta Olimpiya terma jamoalaridan 10,5 ming nafar sportchi, shuningdek, neytral maqomga ega individual sportchilar ishtirok etdi. Har bir davlat rahbariyati o‘z sportchilarini turli mukofotlar bilan taqdirlamoqda.

Qirg‘iziston hukumati ham xuddi boshqa davlatlar qatori respublika sharafini himoya qilgan sportchilarga sovg‘alarni topshirdi. Jumladan, Parij Olimpiadasining so‘nggi kunlarida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari diqqat markazida bo‘lgan, boks bo‘yicha -57 kg vazn toifasida finalda o‘zbekistonlik bokschi Abdumalik Xalakovga raqib bo‘lgan qirg‘izistonlik sportchi, kumush medalni qo‘lga kiritgan Munarbek Seyitbek uuli hamda yana bir nafar sportchi mamlakat rasmiylari tomonidan Kia avtomobili va 10 mln som (taxminan 117 ming AQSH dollari) bilan taqdirlandi.

Bronza medalini qo‘lga kiritgan 4 nafar sportchi esa 7 mln som (taxminan 82 ming AQSH dollari) va Kia avtomobili bilan taqdirlangan.

Bundan tashqari, Olimpiadada sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritolmagan ishtirokchilarga, ishtiroklariga qarab 500 ming somdan 1 mln somgacha hamda Chevrolet avtomobillari, murabbiy va tibbiy guruhdagi xodimlarga esa 50 mingdan 6,6 mln somgacha pul mukofotlari berilgan.

Munarbek Seyitbek uulining Olimpiadaga borolmay qolgan murabbiysi Beganas Sultonbayevga ham 2,5 mln som (taxminan 29,3 ming AQSH dollari) pul mukofoti berilgan. Uning o‘rniga o‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov Munarbekka sekundantlik qilgan. Qirg‘izistonda Olimpiada ishtirokchilariga berilgan pul mukofotlari soliqqa tortilmaydi.

Ma’lumot uchun, o‘zbekistonlik Olimpiada chempionlari, ya’ni oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilar 200 ming dollar, Tahoe avtomobili va 2 qavatli kottej, kumush medal sovrindorlari 100 ming dollar, BYD Song Plus EV Champion mashinasi hamda kvartira, bronza medal sovrindorlari esa 50 ming dollar, kvartira va BYD Song Plus DM-i Champion avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parij Olimpiadasi medallarining narxi qancha turishi haqida xabar berilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Olimpiada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing