Qirg‘izistonlik oligarx Bakuda qo‘lga olindi
Olam
−
27 mart
16160Qirg‘iziston Respublikasi Davlat bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov Ozarbayjon poytaxti Bakuda qo‘lga olindi. Bu haqda “Economist” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 26 mart kuni sobiq amaldor va uning ukasi, “Oshgaz” korxonasining sobiq direktor o‘rinbosari Tilek Matraimovlar Bishkekka olib kelingan. Ikkalasi ham Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga olib ketiladi, biroq qo‘mita matbuot xizmati bu ma’lumotga hozircha izoh bermadi.
Avvalroq Rayimbek Matraimov umumiy qiymati 34 million 810 ming 500 dollar (3 milliard 98 million 134 ming qirg‘iz somi) bo‘lgan ko‘chmas mulkni davlat hisobiga o‘tkazgani ma’lum qilingan. Biroq o‘shanda Matraimov qayerda ekani noma’lumligicha qolib, u qidiruvga berilgan. Keyinroq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Matraimovning Bakuda ekani va uning Qirg‘iziston Respublikasi rahbariyatiga suiqasd uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan Qirg‘izistonda qo‘lga olingan ozarbayjonlik transmilliy uyushgan jinoiy guruh a’zolari bilan aloqasi aniqlanganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 23 mart kuni Qirg‘iziston maxsus xizmatlari mamlakat rahbariyatiga suiqasd uyushtirishni rejalashtirgan transmilliy uyushgan jinoiy guruhning besh nafar a’zosini qo‘lga olgandi. Qo‘lga olinganlar Ozarbayjon fuqarolari ekani aniqlangandi.
LiveBarchasi