Qirg‘izistonlik mashhur amaldorning o‘g‘li Toshkentda millionerning qiziga uylandi
Olam
−
12:01 3193 3 daqiqa
Toshkentda Qirg‘izistonning sobiq bojxona xizmati raisi o‘rinbosari Rayimbek Matraimovning o‘g‘li Aymenning to‘yi bo‘ldi. Uning rafiqasi Qozog‘istonning neft sohasidagi taniqli biznesmeni Jakip Marabayevning nabirasi ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Qirg‘izistonning “KaktusMedia” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 30 avgust kuni Toshkentdagi Marriott Hotel Tashkent mehmonxonasida Aymen Matraimov va Samiraning to‘yi bo‘lib o‘tgan.
To‘yda Qirg‘izistonda tanilgan siyosatchilar, jamoat arboblari va tadbirkorlar ham qatnashgan. Ular orasida Yusufbek Ko‘rg‘onboy o‘g‘li, Elmirza Sotiboldiyev, Ibrohim Yunusov kabi sobiq deputatlar, shifokor Sobirbek Jumabekov va tadbirkor Asqar Salimbekov bor. Shuningdek, marosimda rossiyalik xonandalar Lyusya Chebotina va Filipp Kirkorov hamda qozog‘istonlik xonanda Raim ham chiqish qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Aymen Matraimovning rafiqasi Samira Qozog‘istonning neft sohasidagi taniqli biznesmen Jakip Marabayevning nabirasi. Samira Jakip Marabayevga qizi Leyla Sultonboyeva orqali qarindosh hisoblanadi hamda u Semurg Invest xoldingida korporativ direktor lavozimida ishlaydi.
Manbaga ko‘ra, Semurg Invest Marabayevlar oilasi bilan bog‘liq bo‘lib, infratuzilma, transport-logistika, qurilish va investitsiya loyihalarida faoliyat yuritadi.
Xoldingning asosiy loyihalaridan biri Qozog‘istonning Mang‘istog‘ viloyatidagi Kurik portida joylashgan ko‘p funksiyali “Sarja” dengiz terminali hisoblanadi. Loyiha Kaspiy dengizi orqali yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish va Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish bilan bog‘liq.
Rayimbek Matraimov Qirg‘iziston Davlat bojxona xizmatida rais o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. U mamlakat bojxona tizimidagi ehtimoliy korrupsiya holatlari yuzasidan o‘tkazilgan jurnalistik tekshiruvlardan keyin jamoatchilik e’tiboriga tushgan.
Jurnalistlar olib borgan surishtiruvlarda Matraimov va uning yaqinlari bojxona orqali yuklarni olib kirish va olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi 3 ta yirik terminal faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgani, shuningdek, noqonuniy yuk aylanmasi bilan bog‘liq sxemalarda tilga olingani haqida ma’lumotlar berilgan.
2020 yilning oktyabrida Matraimov korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida hibsga olingan. 2021 yil fevral oyida Bishkek shahridagi Birinchi may tuman sudi uni aybdor deb topgan. Sud jarayonigacha u davlatga yetkazilgan 2 milliard qirg‘iz somi miqdoridagi zararni qoplagan. Shundan so‘ng unga 260 ming som jarima jazosi tayinlangan.
2024 yilda sobiq bojxona amaldori yana huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushgan. Unga davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish hamda bezorilik bilan bog‘liq ayblovlar ilgari surilgan va u bir necha oy davomida hibsda saqlangan.
2024 yilning noyabrida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Rayimbek Matraimovni umumiy qiymati qariyb 200 million dollarga teng deb baholangan aktivlarni davlat tasarrufiga o‘tkazganini bildirgan.
Shundan keyin u hibsdan chiqarilgan. O‘sha yilning dekabrida sud Matraimovni bezorilik va davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bilan bog‘liq ishda aybdor deb topib, 100 ming qirg‘iz somi miqdorida jarima belgilagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq besh karra “Oltin to‘p” sohibi va futbol tarixidagi eng yaxshi to‘purar Krishtianu Ronaldu Jorjina Rodrigesga uylangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi