Qirg‘izistondan O‘zbekistonga 1 kg giyohvandlik moddasini olib o‘tgan narkodilerlar qo‘lga olindi

Jamiyat

image

Farg‘onada DXX viloyat boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda 1 kilogramm giyohvandlik moddasini Qirg‘iziston Respublikasidan O‘zbekistonga olib o‘tgan narkodilerlar qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, qirg‘izistonlik M.T. va N.T. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Q.Yu. bilan oldindan jinoiy til biriktirib, kelishuv tuzgan. Unga ko‘ra, ular Qirg‘izistondan gashish giyohvandlik vositasi topish, bojxona nazoratidan chetlab giyohvandlik vositasini O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazish, Q.Yu. esa kontrabanda qilingan giyohvandlik vositasini sotib olish uchun pul bilan ta’minlash va xaridor topib sotish majburiyatini olgan.

M.T. 1 kilogramm gashish giyohvandlik vositasini olib, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikalarining neytral hududida yashovchi, kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi qo‘shnisi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi R.S.ni aldab, ikki qop kartoshkasi borligini, ushbu qopdagi kartoshkalarni Farg‘ona shahridagi vaqtincha yashash uyiga olib borib berishini iltimos qilgan. R.S. uning taklifiga rozi bo‘lgan, M.T. giyohvandlik vositasini kontrabanda qilish maqsadida kartoshka solingan qopga 934 gramm gashish giyohvandlik vositasini qo‘shnisiga bildirmasdan yashirib joylashtirgan. Kartoshka solingan qoplar Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘idagi neytral hududdan Farg‘ona shahar Gulshan ko‘chasidagi uyga olib kelib berilgan. 

Q.Yu.ga bundan xabar topib, kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilgan 934 gramm gashish giyohvandlik vositasidan 930 gramm qismini 1 kilogramm hisobida 5 ming 500 AQSH dollariga sotib olgan. Damas rusumli avtomashinasini boshqarib, Farg‘ona shahar kichik halqa yo‘lining Sanoat ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasida shubhali harakatlanayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan to‘xtatilganida, u qochishga harakat qilib, yonidagi gashish giyohvandlik vositasini uning jinoyatidan xabari bo‘lmagan avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan singlisi D.Q.ga berib qo‘ygan. Tergovga qadar tekshiruv davomida D.Q. shaxsiy tintuv qilinganida uning qorin qismiga bog‘langan holda 930 gramm gashish giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda topilgan. M.T. vaqtincha yashash manzili oldida ushlangan va uni shaxsiy tintuv qilinganida uning yonidan 4 gramm giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda topilgan.

Farg‘ona viloyati IIB EKBning xulosasiga ko‘ra, D.Q.dan olingan Q.Yu.ga tegishli modda tarkibida faol giyohvand modda tetragidrokannabinol mavjud bo‘lib, ushbu modda “gashish” deb atalishi, sof vazni 930 gramga tengligi aniqlangan. Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi M.T.dan olingan 4 gramm modda ham aynan gashish ekanligi aniqlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sud hukmi bilan M.T.ga 10 yilu 6 oy, Q.Yu.ga esa 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat Giyohvandlik moddasi

Baholaganlar

11

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing