Qirg‘izistondan 1,6 mlrd so‘mlik dorini noqonuniy olib o‘tganlar qamaldi

3-sahifa

image

Andijon viloyatida noqonuniy yo‘llar bilan 1 616 802 000 so‘mlik dori vositalari olib kelgan shaxslarga hukm o‘qildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Andijon viloyatining Qorasuv shahrida yashovchi muqaddam sudlangan 43 yoshli A.D. sinfdoshi Sh.J. bilan o‘zaro til biriktirib, 2023 yilning avgust oyida Qirg‘iz Respublikasida istiqomat qiluvchi shaxslardan O‘zbekiston Respublikasi hududiga davlat chegarasi orqali noqonuniy o‘tkazilgan 87 turdagi “Fokusin”, “Dopegit”, “Kogitum”, “Erinit” va boshqa dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Baholash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ xulosasiga ko‘ra, dori vositalarining umumiy qiymati 1 616 802 000 so‘mni tashkil qilgan.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM ekspertiza tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalarining ma’lum bir qismi tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, davlat reyestriga kiritilmagan hamda ularga nisbatan muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan.

Ta’kidlash lozimki, fuqaro A.D. muqaddam uyushgan guruh tarkibida valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish va bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatlarini sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Holat yuzasidan A.D. va Sh.J.ga nisbatan DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

“Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudi tomonidan esa A.D.ga nisbatan 5 yil hamda Sh.J.ga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iz Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston dori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing