Qirg‘izistondagi tog‘ cho‘qqisida vertolyot halokatga uchradi
Olam
−
16 avgust 2025 7326 1 daqiqa
Bugun, 16 avgust kuni Qirg‘izistondagi “G‘alaba” cho‘qqisi hududida mamlakat Mudofaa vazirligiga qarashli Mi-8 vertolyoti qattiq qo‘nishni amalga oshirdi. Hodisa oqibatida bir necha kishi jarohat oldi. Bu haqda Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ekipaj halok bo‘lgan va jarohatlangan alpinistlarni evakuatsiya qilish uchun parvoz qilayotgan bo‘lgan. Qo‘nish baland tog‘li hudud va murakkab ob-havo sharoitida sodir bo‘lgan. Bortda ekipaj a’zolari va operatsiyaga jalb qilingan tog‘ qutqaruvchilari bo‘lgan. Hamma yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari tirik qolgan, biroq bir necha kishi turli darajada jarohat olgan.
Ularni evakuatsiya qilish uchun voqea joyiga tegishli mutaxassislar yuborilgan. Hozirda Mudofaa vazirligi qutqaruv operatsiyasini davom ettirmoqda hamda shaxsiy tarkib xavfsizligini ta’minlash va evakuatsiya tadbirlarini yakunlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda vertolyot Missisipi daryosidagi barja (dvigatelsiz kema) bilan to‘qnashib, portlash sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatda kamida ikki kishining halok bo‘lgani tasdiqlangan.
Live
Barchasi