Qirg‘izistondagi maktabda o‘quvchilar mitingga chiqishi ortidan ularning barcha ustozlari ishdan bo‘shatildi
Olam
−
19 aprel 2023
17033Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda joylashgan A.Kanimetov nomidagi maktabda o‘quvchilar mitingga olib chiqilgani uchun o‘qituvchilar jamoasi to‘liq tarkibda ishdan bo‘shatildi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari Edil Baysalov “GovoriTV” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shu yilning 17 aprel kuni o‘quvchilar dars jarayonini to‘xtatib, maktab hovlisiga bannerlar ko‘targancha, shovqin qilib chiqqan. O‘qituvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular maktab-internat boshqa muassasa bilan birlashtirilishidan norozi bo‘lgan. Shahar hokimligi esa mojaroning sababi yangi rahbarga ish joyini topshirishdan bosh tortgan sobiq direktor bilan bog‘liqligini ma’lum qilgan.
“Bu, albatta, katta favqulodda holat. To‘g‘ri talab bilan chiqilsa ham, bolalarni jalb qilish mumkin emas va biz ularni vosita sifatida ishlatishga yo‘l qo‘ymaymiz. O‘qituvchilar yuz foiz tarkibda ishlashdan ozod qilingan. Dastlab biz o‘qituvchilarni boshqa maktablarga tarqatishni va ularni ish bilan ta’minlashni xohladik, ammo bunday favqulodda vaziyatdan keyin hamma ishdan bo‘shatildi”, dedi Edil Baysalov.
Uning aytishicha, maktab joyida qoladi, biroq bolalarga boshqa o‘qituvchilar dars beradi.
“Biz tegishli organlarga bolalarni ushbu janjalga jalb qilgan qo‘zg‘atuvchilarni javobgarlikka tortish vazifasini qo‘ydik”, deya qo‘shimcha qildi u.
LiveBarchasi