Qirg‘izistonda yana bir sobiq hokim hibsga olindi

Olam

image

Qirg‘izistonning O‘sh shahri sobiq hokimi Aytmamat Qodirboyev korrupsiyaviy ish bo‘yicha hibsga olindi. Bu haqda Bishkek shahrining Birinchi may tuman sudiga tayanib, “Turmush” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, joriy yilning 26 avgust kuni sud Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi tergov xizmati tergov guruhi rahbarining sobiq hokimga nisbatan qamoqqa olish chorasi qo‘llash haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirgan.

Aytmamat Qodirboyevga Jinoyat kodeksining 40-moddasi (jinoiy harakatlarni amalga oshirish) va 336-moddasi 4-qismi (uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan korrupsiya, jinoiy hamjamiyat yoki jiddiy zarar yetkazish) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Tuman sudi qaroriga ko‘ra, sobiq hokim ehtiyot chorasi sifatida joriy yilning 4 oktyabrigacha qamoqda saqlanadi.

Ma’lumot uchun, Aytmamat Tantiboyevich Qodirboyev 2007 yilning 13 sentyabridan 27 noyabrigacha O‘sh viloyati davlat ma’muriyatida birinchi o‘rinbosar lavozimida ishlagan. 2012 yil 12 martdan u Davlat mulkini boshqarish va rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 2014 yil 15 yanvarda u O‘sh shahri hokimi etib tayinlangan. 2018 yil 3 iyunda esa Davlat sanoat, energetika va yer osti boyliklari qo‘mitasi raisi lavozimini egallagan. Shu munosabat bilan Aytmamat Qodirboyev O‘sh shahri hokimi lavozimidan ozod etilgan. 

2021 yilning fevralida hukumat qaroriga asosan, u Energetika va sanoat vazirligiga aylantirilgan Davlat sanoat, energetika va yerosti boyliklari qo‘mitasi raisi sifatida faoliyatini davom ettirgan. 2021 yilning martida hukumat qarori bilan uning ushbu lavozimdagi vakolatlari ham tugatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning Qora-Bolta shahri hokimi Mirlan Ratinbekovich Jekshenov, uning qo‘l ostidagi xodim, pudratchi tashkilot rahbari va blogerlar hibsga olingani haqida xabar berilgan edi. Gumonlanuvchilar moddiy manfaat ko‘rish maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan 17 dona avtobusni oshirilgan narxlarda sotib olgan.

Undan oldinroq esa Bishkek shahri hokimi o‘rinbosari Taalaybek Boygaziyev pora olishda gumonlanib, hibsga olingandi. Shuningdek, To‘qmoq shahri hokimi Maqsad Nusuvaliyev hokimlik yig‘ilishi paytida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Toshiyevning buyrug‘i bilan hibsga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya Qirg'iziston sobiq hokim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing