Qirg‘izistonda terrorizm va separatizmda gumonlangan shaxs qo‘lga olindi

Olam

image

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan terrorizm va separatizmda gumon qilingan respublika fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi xabar berdi.

“Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida terrorchilik va separatistik xarakterdagi jinoyatlarni sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan 1984 yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi aniqlanib, qo‘lga olindi”, deyiladi xabarda.

Gumonlanuvchining ismi va familiyasi tergov manfaati uchun oshkor etilmayapti.

“2010 yildagi voqealardan so‘ng u O‘sh viloyati aholisi orasidan o‘zining sheriklari bilan Qirg‘iziston Respublikasi hududida terrorchilik harakatlari sodir etishni maqsad qilgan, buning uchun o‘qotar qurol va portlovchi moddalarni sotib olgan”, deyiladi matbuot markazi xabarida.

2010 yil iyun oyida Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlarida qirg‘iz va o‘zbek millatiga mansub aholi o‘rtasida nizo kelib chiqqan, o‘shanda bir necha yuz kishi halok bo‘lgan, 2 mingga yaqin odam yaralangan.

“2011 yilda qurol-yarog‘ va portlovchi moddalar ombori topilganidan so‘ng, gumondorning ikki sherigi qo‘lga olinib, sud tomonidan turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilindi. Jinoiy guruhning to‘rt nafar a’zosi, jumladan qo‘lga olingan shaxs qochishga muvaffaq bo‘lgan", deb ishontirdi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi.

Qirg‘iziston maxsus xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, qidiruvda bo‘lganlardan ikki nafari “xalqaro terrorchi tashkilotlar tarafida” jangovar harakatlarda qatnashish uchun Suriyaga o‘tgan va u yerda harbiy to‘qnashuvlar chog‘ida halok bo‘lgan.

“Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi terrorchilik faoliyatiga aloqador shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlarini davom ettirmoqda”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing