Qirg‘izistonda terrorchi tashkilotga yollangan 15 kishi qo‘lga olindi
Olam
−
14 iyun
3844Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari “Islom davlati” terrorchilik guruhi safiga fuqarolarni jalb qilayotgan guruhni qo‘lga oldi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi xabar berdi.
“Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi a’zolari “Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkiloti mafkurasini faol targ‘ib qilib, yoshlarni o‘z safiga jalb qilish, terrorchilik tusidagi foto va videomateriallarni tarqatish bilan shug‘ullanayotgan yashirin radikal guruh faoliyatiga chek qo‘ydi”, deyiladi hisobotda.
Jinoyat tergovi doirasida Bishkek shahri va mamlakatning boshqa viloyatlarida jami 15 kishi qo‘lga olingan. Ularning yashash joylarida tintuvlar o‘tkazilganda katta miqdordagi diniy adabiyotlar musodara qilingan. Mazkur holat yuzasidan tegishli ekspertiza tayinlangan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining bildirishicha, zararsizlantirilgan guruh yetakchilaridan biri “Islomiy davlat”ning Afg‘onistondan bo‘lgan a’zosi tomonidan ijtimoiy tarmoq orqali yollangan va boshqa tarafdorlarni jalb qilish bo‘yicha uning ko‘rsatmalariga amal qilgan.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tarqatilgan foto va videomateriallarda terrorchilik faoliyatiga ommaviy da’vat, milliy, irqiy, etnik, diniy va mintaqalararo adovatni qo‘zg‘atish va konstitutsiyaviy tuzumni o‘rnatish orqali ag‘darish belgilari mavjud. Shuningdek, o‘qotar va tig‘li qurollardan foydalanish, qo‘lbola portlovchi qurilmalarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv videomateriallari tarqatilgan”, deyiladi xabarda.
Hibsga olinganlarning bir qismi Bishkekdagi 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
“Ushbu guruhning boshqa a’zolari va sheriklarini aniqlash bo‘yicha bir qator tezkor tadbirlar davom etmoqda”, deya aniqlik kiritgan matbuot markazi.
LiveBarchasi