Qirg‘izistonda sud jarayonlari majburiy ravishda audio va videoga yozib olinadi
Olam
−
20 may
2614Endilikda Qirg‘izistondagi barcha sud majlislari majburiy ravishda audio va video formatda yozib olinadi. Bu haqdagi qonunga mamlakat Prezidenti Sadir Japarov imzo chekdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur qonun Jogorku Kenesh tomonidan 2024 yilning 3 aprelida qabul qilingan.
Qonunning asosiy maqsadi – protsessual to‘siq choralari tizimida garov institutini kuchaytirish, uni samaraliroq qo‘llash mexanizmlarini yaratish va jinoyat ishlari bo‘yicha sud ishlarini ko‘rib chiqish jarayonida videokonferensiya aloqalarini takomillashtirishdan iborat.
Qonun asosida Qirg‘iziston Jinoyat-protsessual kodeksi quyidagilar bilan to‘ldirilgan:
- “videokonferensiya aloqasi” va “onlayn translyatsiya” tushunchalari kiritildi;
- ayblanuvchi sud majlislarining protokollari (audio va video yozuvlarini qo‘shgan holda) bilan tanishish, ular bo‘yicha fikr bildirish va sud tergovini televideniye, radio yoki internet orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda uzatilishini talab qilish huquqiga ega;
- sud majlislari majburiy tarzda audio va video yozuv vositalari yordamida qayd etiladi;
- agar yozuvlar mavjud bo‘lmasa, bu sud qarorini o‘zgartirish, qayta ko‘rib chiqish yoki bekor qilish uchun asos sifatida ko‘riladi;
- jinoyatning og‘irligiga qarab garovning eng kam miqdorlari belgilanadi.
Bildirilishicha, bu o‘zgartishlar sud jarayonining shaffofligi va ayblanuvchilarning huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda koloniyalarni tugatish to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentda ro‘yxatga olingandi. Hujjatga ko‘ra, ushbu turdagi muassasalarda jami mahkumlar soni keskin kamaygan va 2024 yil yanvar holatiga ko‘ra 1303 nafarni tashkil etgan, ulardan 897 nafari qidiruvda bo‘lgan.
LiveBarchasi