Qirg‘izistonda siyosiy partiya yetakchisi hibsga olindi

Olam

image

Qirg‘izistonning Sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Temirlan Sultonbekov saylovchilarni sotib olishga urinish aybi bilan hibsga olindi. Bu haqda Bishkek shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yil 13 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda sobiq parlament deputati, Sotsial-demokratik partiyaning shtab rahbari Irina Karamushkina va deputatlikka nomzod Doniyor Cho‘lponboyev o‘rtasidagi saylovchilarni sotib olish mavzusida audioyozuv tarqalgan. Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ish doirasida partiya yetakchisi Sultonbekov hibsga olinib, Bishkek shahar IIBBga so‘roq uchun olib ketilgan. Keyinchalik Karamushkina va yana bir partiya a’zosi ham qo‘lga olingan.

Huquq-tartibot organlari ma’lumotiga ko‘ra, ular joriy yil 17 noyabrda bo‘ladigan mahalliy qonunchilik organlariga saylovlar arafasida saylovchilarni sotib olishga harakat qilgan. Unga ko‘ra, saylovchilarga har bir ovoz uchun 1 000 somdan (taxminan 148 ming so‘m) berilishi rejalashtirilgan.

Bishkek shahar IIBBga ko‘ra, Sotsial-demokratik partiyaning saylovoldi shtabida o‘tkazilgan tintuv davomida partiya a’zolarining 40 dan ortiq kishiga 15 000 dan 30 000 somgacha pul tarqatilgan ro‘yxatlarini yo‘q qilishga uringani aniqlangan. Bundan tashqari, protsessual tartibda 28 300 som naqd pul musodara qilingan.

Hozirda mazkur jinoyatga aloqador barcha shaxslarning harakatlariga mamlakatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq tergov ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, kecha, 14 noyabr kuni Bishkek hududiy saylov komissiyasi Bishkek shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Sotsial-demokratik partiya bo‘yicha taqdim etgan arizasi asosida mazkur partiyani ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 17 noyabr kuni Qirg‘izistonda mahalliy kengashlar, shuningdek, Bishkek va O‘sh shaharlari deputatlari saylovi bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda Prezident Sadir Japarov tomonidan ishdan bo‘shatilgan Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Quban Adil o‘g‘li uyushgan jinoiy guruhni moliyalashtirishda ayblanib, hibsga olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sotsial-demokratik partiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing