Qirg‘izistonda saylovlarda qatnashmaganlar jarimaga tortilishi mumkin

Olam

image

Qirg‘iziston milliy parlamenti deputatlari saylovchilarning prezidentlik yoki parlament saylovlariga uzrli sabablarsiz kelmagani uchun jarima solishni nazarda tutuvchi qonunchilikka o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda. Bu haqda mamlakat parlamenti matbuot xizmati xabar berdi.

“Jogorku Keneshning Konstitutsiyaviy qonunchilik, davlat tuzilishi, sud-huquq masalalari va reglamenti qo‘mitasi bugun, 21 noyabr kuni “Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti va deputatlar saylovi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida” konstitutsiyaviy qonun loyihasi va “Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi va birinchi o‘qishda ma’qulladi”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, o‘zgartirishlarni qabul qilish tashabbuskori xalq vakili Tazabek Ikromov bo‘lib, u qonun loyihasining asosiy maqsadi “fuqarolarning saylov va referendumlarda o‘z vakolatlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirishini to‘liq ta’minlash” ekanini aytgan.

“Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Qirg‘iziston Respublikasi hududida yashovchi barcha fuqarolar Prezident va Jogorku Kenesh deputatlari saylovida qatnashishi shartligi to‘g‘risidagi normani kiritish taklif qilinmoqda, uzrli sabablarga ko‘ra bo‘lgan shaxslar bundan mustasno”, deyiladi xabarda. 

Bildirilishicha, ayrim deputatlar qonunda uzrli sabablar ro‘yxatini, shuningdek, jarima solish va undirish tartibi va mexanizmlarini ko‘rsatishni taklif qilmoqda. Shu bilan birga, ularning muxoliflarining qonun loyihasi mamlakat konstitutsiyasining amaldagi normalarini buzayotganiga ishonchi komil, chunki “saylash va saylanish” fuqarolarning majburiyati emas, balki huquqidir.

Ikromov taklif qilgan tuzatishlar saylovga kelmaganlik uchun 5 ming qirg‘iz somi (qariyb 700 ming so‘m) miqdorida jarima solishni nazarda tutadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston saylov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing