Qirg‘izistonda kuchli sel tufayli bozor va yo‘llarni suv bosdi (video)

Olam

image

Qirg‘izistonning O‘sh viloyati va O‘sh shahrida kuchli sel sodir bo‘ldi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Sel ko‘chkilari bozorlardagi avtomobillarni olib ketgan. Yo‘llar hamda bozor ichi suv bilan to‘lgan. Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, sel toshqinlari bugun, 14 iyul kuni soat 14:00 atrofida kuchli yog‘ingarchilik tufayli Toloykon qishlog‘i va “Bo‘riboy-ota” dam olish maskanida kuzatilgan. Voqea joyiga 46 nafar qutqaruvchi yetib borgan va joylarda qolib ketgan 420 kishi evakuatsiya qilingan.

Kuchli yog‘ingarchilik tufayli sel suvlari Oq-Bura daryosi qirg‘oqlaridan chiqib, shahar ko‘chalarini, jumladan, Zaynabidinova ko‘chasida joylashgan bozorni suv bosgan.
 

Voqea guvohlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan videolavhalarda markaziy bozorda tovar va oziq-ovqat mahsulotlari suvda qolib ketgani, bir nechta avtomobillarni cuv oqizib ketayotgani, odamlar xavfsiz joyga yetib olish uchun qiyalikdan tushishiga to‘g‘ri kelganini ko‘rish mumkin.

O‘sh viloyatida tabiiy ofat Qorasuv tumanining Asanchek va Manas qishloqlarida qayd etilgan. Uylar, hovlilar va ko‘chalarni suv bosgan. O‘sh-Gulcha-Irkeshtom yo‘li vaqtincha yopilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligining joylardagi boshqarmalari va fuqaro muhofazasi xizmatlari fuqarolarni evakuatsiya qilmoqda.

Bundan tashqari, Nookat tumani Jiyde qishlog‘ida O‘sh –Batken – Razzoqov avtomobil yo‘lining 57-kilometrida sel sodir bo‘lgan. Shu sababli yo‘nalish vaqtincha yopilgan. Sel oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘sh viloyatining Nookat tumanida sodir bo‘lgan sel oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston sel O'sh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing