Qirg‘izistonda keng ko‘lamli blekaut yuz berdi
Olam
−
17 iyul 7178 1 daqiqa
Bugun, 17 iyul kuni Qirg‘izistonda elektr energiyasining keng ko‘lamli o‘chishi sodir bo‘ldi. Bishkek va mamlakatning bir nechta hududlari chiroqsiz qoldi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Aholining xabar berishicha, elektr ta’minotidagi uzilishlar poytaxtga, shuningdek, Chuy, Issiqko‘l, Norin va boshqa viloyatlarning aholi punktlariga ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, elektr energiyasi o‘chishi sababli Bishkekning ayrim tumanlarida sovuq va issiq suv ta’minoti to‘xtab qolgan. Shuningdek, aholi svetoforlar ishlamayotgani, aloqadagi uzilishlar va liftlar to‘xtab qolgani haqida xabar bergan.
“Qirg‘iziston milliy elektr tarmog‘i” (NESK) OAJning ma’lum qilishicha, blekautga kuchlanishi 220 kilovolt bo‘lgan ikkita yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasining avariyaviy o‘chishi sabab bo‘lgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, “Qorabolta — Glavnaya” va “Glavnaya — Shu” liniyalari avariyaviy tarzda o‘chib qolgan.
Oqibatda yuklamani avtomatik ravishda kamaytirish tizimi ishga tushgan va bu elektr ta’minotida uzilishlarga olib kelgan. Hozirgi vaqtda NESK mutaxassislari elektr ta’minotini bosqichma-bosqich tiklash ishlarini olib bormoqda. Texnologik buzilish sabablari aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq anomal issiq sababli O‘zbekistonning ayrim hududlarida elektr 2 soatga uzilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi