Qirg‘izistonda askar xizmatdoshini otib o‘ldirdi
Olam
−
23 noyabr 2023
7291Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida harbiy xizmatchi hamkasbini otib o‘ldirib, qurollangan holda voqea joyidan qochib ketdi. Bu haqda “Sputnik Kirgizstan” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat bugun, 23 noyabr kuni soat 06:00 larda mamlakat Ichki ishlar vazirligi ichki qo‘shinlarining harbiy qismida sodir bo‘lgan.
“Gumonlanuvchi muddatli harbiy xizmatchi voqea joyidan qochib ketgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, uning o‘q-dorilari bo‘lgan avtomati bor. Harbiy qismda qo‘riqlash kuchaytirilgan, gumonlanuvchi qidirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Sog‘liqni saqlash vazirligining Jalolobod viloyati bo‘yicha koordinatori Karmanbek Baydavletovning ma’lum qilishicha, “103” telefon raqamiga bugun soat 6:09 da To‘qto‘g‘ul GESlar kaskadi postidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan.
Hodisa joyiga yetib kelgan tez tibbiy yordam brigadasi askarning o‘lganini tasdiqlagan. Askarning jasadi Qorako‘l gospitali o‘likxonasiga olib ketilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, askar o‘q jarohatidan vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida Milliy gvardiya qo‘riqlash xodimi o‘zini otib qo‘ygandi.
LiveBarchasi