Qirg‘izistonda 11 nafar mustaqil jurnalist hibsga olindi
Olam
−
17 yanvar
3791Qirg‘iziston hukumati bu hafta to‘rtta mustaqil nashrning 11 jurnalistini hibsga oldi. Bu haqda Qirg‘iziston IIV axborot xizmati xabar berdi.
Qirg‘izistonda 16 yanvar, seshanba kuni politsiya bir qancha mustaqil nashrlar jurnalistlari, jumladan, siyosiy mavzularga ixtisoslashgan Temirov Live YouTube-kanali mualliflari ofislari va uylarida tintuv o‘tkazgan. Bu holatni xalqaro huquq tashkilotlari mamlakatda demokratik me’yorlar chekinayotgani bilan izohlamoqda.
Shuningdek, Bishkek politsiyasi "24.kg" mustaqil gazetasi tahririyatida ham reyd o‘tkazgan va uning direktori hamda ikki yetakchi muharririni so‘roq qilib, qisqa muddatga izolyatorga olgan.
Huquq himoyachisi Zamir Jo‘shevning ma’lum qilishicha, kecha, 16 yanvar kuni IIV Tergov xizmatiga olib ketilgan va so‘roq qilingan 11 nafar jurnalist 48 soatga hibsga olingan.
Unga ko‘ra, Maxabat Tajibek qizi (Temirov Live direktori), Sapar Akunbekov (“Ayt ayt dese”), Azamat Ishenbekov (“Ayt ayt dese”), Saypidin Sultonaliyev (“Archa Media”), Aktilek Kaparov (“Alga Media”), Tinistan Asipbekov (“PolitKlinika”), Maqsat Tajibek o‘g‘li (Temirov Live), Joudar Buzumov, Jumabek Turdaliyev, Ayke Beyshekeva, Oqil O‘rozbekovlar qamoqda saqlanmoqda.
Qo‘lga olinganlar Jinoyat kodeksining 278-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar), 3-bob (Hokimiyatning qonuniy talablariga faol bo‘ysunmaslik va ommaviy tartibsizliklarga chaqirish, shuningdek, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka chaqirish) bilan ayblanmoqda. 48 soatdan keyin ularning ishi sudda ko‘rib chiqilishi aytilmoqda.
“Shubhali ayblovlar asosidagi hibsga olishlarning bu to‘lqini mahalliy jurnalistik surishtiruvni yo‘q qilishdan iborat”, deydi “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Janna Kavele.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi rasmiy vakili Liz Trossel esa, tashkilot Qirg‘izistonda jurnalistlarning hibsga olinishidan xavotirda ekanini bildirgan.
“Hukumatning so‘nggi harakatlari fuqarolik jamiyati faollari, jurnalistlar va hokimiyatning boshqa tanqidchilariga nisbatan kengroq bosimning bir qismi bo‘lib ko‘rinyapti. Inson huquqlari, jumladan, so‘z erkinligining qonuniy amalga oshirilishi uchun jazolash inson huquqlariga ziddir”, deydi Liz Trossel.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov hukumatga qarshi chiqmoqchi bo‘lganlar qattiq jazolanishini aytgan edi.
LiveBarchasi