Qirg‘izistonda hokimiyatni egallashni rejalashtirgan guruh qo‘lga olindi (video)

Olam

image

Bugun, 5 iyul kuni Qirg‘izistonda amaldagi hokimiyatni egallab olishga uringan guruh rejasi to‘xtatib qolindi. Bu haqda respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabar berdi. 

Keltirilishicha, ushbu uyushgan guruh fuqarolar o‘limiga sabab bo‘luvchi ommaviy tartibsizliklar uyushtirish orqali mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishni maqsad qilgan.

“Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va konstitutsiyaviy tuzum asoslarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar doirasida hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olish va davlat hokimiyatini qo‘lga kiritishni rejalashtirgan buzg‘unchi guruhning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi. Ularning niyati ommaviy tartibsizliklar uyushtirish orqali mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergovda besh nafar shaxs ushlanib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Hozircha ularning ism va familiyalari tergov siri sababli e’lon qilinmagan. 

“Ushbu guruh jinoyatchilar mafkurasini qo‘llab-quvvatlovchi, shuningdek, aqidaparast diniy mafkurani targ‘ib qiluvchi shaxslardan tuzilgani aniqlandi”, deyilgan matbuot markazi xabarida.

Tintuv chog‘ida gumonlanuvchilardan qo‘lbola portlovchi qurilmalar uchun butlovchi qismlar, o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar, zirhlar, huquq-tartibot organlarining kiyim-kechaklari, uchuvchisiz uchish apparatlari, ekstremistik mazmundagi adabiyotlar va boshqa taqiqlangan buyumlar topilib, olib qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, 11 yanvar kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi “KG Group” qurilish kompaniyasi direktori Imomidin Toshovni davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda ayblagandi. U qidiruvda bo‘lgan Tilekmat Kurenov (AQSHda bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarosi) va boshqa shaxslar bilan birgalikda uyali aloqa vositalaridan foydalanib, ommaviy mitinglar o‘tkazish, ijtimoiy muammolarni ko‘tarish va hokimiyatni egallashni rejalashtirgani aytilgandi. Ularning safdoshlari esa qo‘lga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston uyushgan guruh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing