Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegaradagi otishmada qancha odam halok bo‘lganini ochiqladi
Olam
−
17 Sentabr 2022
13074Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi mojaro chog‘ida 24 nafar qirg‘izistonlik halok bo‘ldi. Bu haqda “Akipress” respublika sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar berdi.
“Soat 01:30 holatiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash muassasalariga yotqizilgan jabrlanganlar soni 87 nafarni tashkil etmoqda, shundan 5 nafar jabrlanuvchi ambulator davolanishga yuborilgan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Yaralanganlar asosan o‘q va parchalardan jarohatlangan.
Tojikiston tomoni hozircha qurbonlar va jabrlanganlar haqida raqamlarni e’lon qilmadi.
Eslatib o‘tamiz, Tojikiston harbiylari Qirg‘iziston bilan chegaradagi yana bir qancha hududlarni o‘qqa tuta boshladi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari muzokaralar o‘tkazdi va uning davomida chegaraning umumiy uchastkasida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi.
Ma’lumot uchun, ikki davlat chegarasida vaziyat 14 sentyabr kuni keskinlashgan. Qirg‘iziston tomonining ma’lum qilishicha, tojik chegarachilari chorshanba kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken tumanining Buloq-Bashi hududidagi chegara hududiga kirib, “jangovar pozitsiyalarini egallagan”. Qirg‘iziston harbiylarining hududni tark etish talabiga javoban Tojikiston chegarachilari o‘t ochgan, shundan so‘ng otishma boshlangan. Oradan bir necha soat o‘tib, Botken viloyatining Kak-Say va Paski-Ariq tumanlarida ham qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Kechqurun otishmalar to‘xtagan, qirg‘iz tomoni ikki nafar harbiy xizmatchi va uch nafar tinch aholi vakillari yaralangani haqida xabar bergan.
16 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan ikki davlat rahbarlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon uchrashuv o‘tkazib, chegara masalasida kelishib olgandi.
LiveBarchasi