Qirg‘iziston Rossiya bilan hamkorlikdan voz kecha olmaydi – Sadir Japarov
Olam
−
16 Oktabr
5376G‘arb davlatlarining bu boradagi iltimoslariga qaramasdan, Qirg‘iziston Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlik qilishdan voz kecha olmaydi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bugun, 16 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan mahalliy kengashlar deputatlari saylovi munosabati bilan xalqqa qilgan murojaatida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojarolar boshlanganidan beri G‘arb davlatlari Moskvaning harakatlarini qoralashda davom etmoqda. Ayrim G‘arb davlatlari Qirg‘izistondan Rossiya bilan hamkorlikni to‘xtatishni so‘ramoqda, biroq Bishkek har doim bu iltimosni rad etib keladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston Rossiyadan neft, gaz, bug‘doy va oziq-ovqat mahsulotlarini sotib oladi. Bundan tashqari, respublikaning ko‘plab avtomobil va temiryo‘l yo‘llari shu mamlakat hududidan o‘tadi va Rossiya hududida taxminan 1 million qirg‘izistonlik mehnat migrantlari ishlaydi.
Japarov G‘arbni “adolatsiz talab” qo‘yganlikda tanqid qilgan. Uning aytishicha, ayrim Yevropa Ittifoqi davlatlari sanksiyalarga qaramay, Rossiya bilan hamkorlik qilishni davom ettirmoqda va ularning bu davlat bilan savdo aylanmasi yiliga 6 milliard dollarga yetmoqda.
Shuningdek, Japarov to‘rt yil avval hokimiyatga kelganidan beri Qirg‘iziston ko‘p tomonlama tashqi siyosat olib borayotganini, dunyoning turli mamlakatlari bilan teng huquqli asosda o‘zaro manfaatlar yo‘lida hamkorlik qilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Bundan tashqari, u yaqinda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolanganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Qirg‘iziston boshqa MDH davlatlari bilan ham hamkorlikni davom ettirayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarni respublikada amalga oshirilayotgan bir qator yirik loyihalarni amalga oshirishga qo‘shilishga chaqirgan edi.
LiveBarchasi