Qirg‘iziston parlamenti O‘zbekiston bilan chegara masalasidagi hujjatni ratifikatsiya qildi
Olam
−
17 noyabr 2022
10104Jogorku Kenesh bugun, 17 noyabr O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi.
Parlament majlisida 83 nafar deputat ishtirok etdi.
Birinchi o‘qishda 64 kishi yoqlab, 18 nafari qarshi ovoz berdi.
Ikkinchisida: tarafdor – 61, qarshi – 22.
Uchinchi o‘qishda 64 nafari yoqlab, 19 nafari qarshi chiqdi.
Ovoz berishdan keyin Prezident Sadir Japarov deputatlarga minnatdorlik bildirdi. Xalq deputatlari mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, kelishuvga ovoz berish orqali bunga nuqta qo‘yganini ta’kidladi.
“Xudo xohlasa, Tojikiston bilan chegara masalasini hal qilamiz. Hech qanday to‘siq bo‘lmasa, biz yangi yilga qadar tugatamiz. Biz chegaradosh bo‘lgan to‘rtta davlat bilan hamjihatlikda, do‘stlikda yashashimiz kerak. Hech bir fuqaro, birorta askar o‘lmasligi kerak. Avvalo, ’shu haqida o‘ylashimiz kerak”, deydi Japarov.
Davlat rahbari bugungi kunda mamlakat maydoni 199 ming kvadrat kilometrni tashkil etsa, chegara masalasi hal etilgach, u 210 ming kvadrat kilometrga yetishini ta’kidladi.
“Tojikiston bilan ham qaror qilamiz. Biz birlashgan va xavfsiz Qirg‘iziston bo‘lishimiz kerak. Hozir biz birlashmadik. Endi biz hamma narsani tiklaymiz. Siz buni ko‘rdingiz, biz buni hujjatlashtirdik. Chegaralar va ratifikatsiya masalasi hal etilgach, nafaqat mamlakatimizda, balki butun Markaziy Osiyoda tinchlik o‘rnatiladi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etib, ilk bor "Kampirobod" suv ombori qanday qilib O‘zbekistonga o‘tayotganiga aniqlik kiritgan edi.
Ma’lumot uchun, “Kampirobod” suv ombori – Tyan-Shan tog‘ tizmalarining 5 irmog‘idan paydo bo‘luvchi Qoradaryo o‘zaniga qo‘yilgan gidrotexnika inshooti. 1962 yili loyihalashtirilib, 1968-1982 yillarda qurib bitkazilgan bu suv omborining umumiy maydoni – 55 kv km, suv sig‘imi – 1 mld 950 m3 bo‘lib uzoq yillar davomida O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida talash bo‘lib kelayotgan edi.
LiveBarchasi