Qirg‘iziston migrantlar masalasida Rossiyaga nota topshirdi
Olam
−
20 fevral 2025 8944 2 daqiqa
Kecha, 19 fevral kuni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Sergey Vakunov bilan uchrashib, Rossiyadagi migrantlar masalasida nota topshirdi. Bu haqda Qirg‘iziston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar Rossiya qonunchiligidagi o‘zgarishlar sharoitida Qirg‘iziston fuqarolarining huquqiy mavqeiga oid masalalarni muhokama qilgan. TIV rahbari o‘rinbosari chet el fuqarolarining Rossiyaga kirishi va mamlakatda bo‘lishiga oid yangi qoidalar va talablar, xususan, oldindan ro‘yxatdan o‘tish va ariza topshirish mexanizmi, shuningdek, vaqtincha bo‘lish muddatining qisqarishi bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratgan.
Qirg‘iziston tomoni bu o‘zgarishlar qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari va ularning oila a’zolari uchun harakat erkinligi hamda Rossiyada mehnat faoliyatiga kirishish imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlagan.
Shuningdek, chet el fuqarolarining, jumladan, Qirg‘iziston fuqarolarining farzandlari Rossiya ta’lim muassasalariga qabul qilinishida rus tilidan imtihon topshirish bo‘yicha yangi talablarning joriy etilishi alohida muhokama qilingan.
Qirg‘iziston tomoni Rossiyaga kirishda davom etayotgan qiyinchiliklar va migrantlarning migratsiya hisobiga qo‘yilishi bilan bog‘liq muammolarni ham ko‘targan.
Qirg‘iziston va Rossiya Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi ekani va Qirg‘izistonda rus tili rasmiy til maqomiga ega ekanini inobatga olib, ushbu masalalar bo‘yicha Rossiya tomoniga tegishli notalar topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvaning Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi 30 yoshli Qirg‘iziston fuqarosini ijtimoiy tarmoqdagi izohi uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilgan edi. Ayblovga ko‘ra, 2024 yil aprel oyi boshida qirg‘izistonlik fuqaro Telegram’dagi “Migranti.ru” kanalida terakt ishtirokchilarining dastlabki so‘roqlari videosi ostida “Qasoskorlik uchun katta jur’at kerak, afsuski ular qo‘lga tushib qoldi” mazmunidagi izoh qoldirgan.
Live
Barchasi