Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashiga kotib tayinlandi

Olam

image

Bugun, 12 fevral kuni Adilet O‘rozbekov Qirg‘iziston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlandi. Tegishli farmonni Prezident Sadir Japarov imzoladi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Ma’lumot uchun, Adilet O‘rozbekov 1978 yilda tug‘ilgan. U Qirg‘iziston xalqaro universitetini “Diplomatiya va xalqaro huquq” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, shuningdek Rossiya Federal xavfsizlik xizmati akademiyasida tahsil olgan. Qirg‘iz, rus va ingliz tillarini biladi. Harbiy unvoni – polkovnik.

U mehnat faoliyatini 2001 yilda milliy xavfsizlik organlarida tezkor vakil sifatida boshlagan va 2017 yilga qadar turli, jumladan, rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2007–2009 yillarda  Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari, 2009–2010 yillarda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari – xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i, 2012–2017 yillarda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Antiterror markazi bosh eksperti, 2017 yildan Tashqi ishlar vazirligida, SHHT ishlari bo‘yicha milliy koordinator apparatida ishlagan.

Shuningdek, 2017–2019 yillarda Pekinda joylashgan Shanxay hamkorlik tashkiloti kotibiyati referenti, 2023–2024 yillarda Qirg‘iziston Prezidenti ma’muriyati Situatsion markazi eksperti, 2025 yil dekabrdan hozirga qadar Prezident ma’muriyatida Prezident va Vazirlar kabineti qarorlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasining mudofaa, huquq-tartibot va xavfsizlik bo‘limi davlat inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li o‘z vakolatlarini topshirgani va Marlen Mamataliyev uning o‘rniga spikeri etib saylangani haqida xabar berilgan edi. Qayd etish joiz, mazkur o‘zgarishlar mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod qilinishi fonida bo‘lmoqda.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Xavfsizlik kengashi Adilet O'rozbekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing