Qirg‘iziston qurollanishga ko‘p pul sarflayapti
Olam
−
21 iyul 2023
8328Qirg‘iziston so‘nggi ikki yarim yil ichida mamlakat qurolli texnikasini yangilashga 125 milliard qirg‘iz somi (1,422 milliard AQSH dollari) sarfladi. Bu haqda kecha, 20 iyul kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi.
Tashiyevning aytishicha, 2005-2020 yillarda Qirg‘iziston qurollarni yangilash uchun 3-5 milliard som (34-56 million AQSH dollari) sarflagan bo‘lsa, birgina 2021 yilda hukumat 32 milliard som (364 million AQSH dollari), 2022 yilda 53 milliard som (603 million AQSH dollari), 2023 yilning olti oyi uchun 40 milliard somdan (455 million dollar) ko‘proq mablag‘ ajratgan.
“120 milliard somdan ortiq xarajat - bu qurollarimizning keng ko‘lamdagi yangilanishi”, degan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.
Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, bu pullarga jumladan, Bayraktar, Aksungur, Akinci dronlari, “Pechora” zenit-raketa majmuasi, Mi-8, Mi-17 vertolyotlari xarid qilingan.
“Bularni sovg‘a sifatida olganimiz yo‘q. Barchasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan sotib olindi”, deya qo‘shimcha qilgan Tashiyev.
Eslatib o‘tamiz, shu yil boshida Qirg‘iziston davlat amaldorlariga beriladigan mukofot pullarini tejash orqali Turkiya dronlarini sotib olgandi.
LiveBarchasi