Qirg‘iziston fuqarosi AQSHda noqonuniy qurol eksport qilishda gumonlanib hibsga olindi
Olam
−
11 fevral 2025 3400 2 daqiqa
AQSHda o‘qotar qurollarni noqonuniy eksport qilganlikda gumonlanayotgan qirg‘izistonlik qo‘lga olindi. Bu haqda AQSH Adliya vazirligi xabar berdi.
Aniqlanishicha, S.J. ismli Qirg‘iziston orqali Rossiyaga o‘qotar qurollarni noqonuniy olib chiqqanlikda ayblanib, AQSHda hibsga olingan. Ayblov Bruklin federal sudiga topshirilgan.
Ma’lumki, Qirg‘iziston fuqarosi 2025 yilning 24 yanvarida Las-Vegasda o‘q otish, ovchilik va ochiq savdo ko‘rgazmasida qatnashgan va amerikalik qurol yetkazib beruvchilar bilan uchrashgan. AQSH advokati Jon J. Duremning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi Rossiyaga yarimavtomatik qurollarni jo‘natish uchun eksport nazoratini chetlab o‘tish sxemasini ishlab chiqqan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning mart oyidan boshlab S.J. AQSH Savdo vazirligi cheklovlarini buzgan holda Rossiyaga Amerika qurollarini yetkazib berish sxemasini tashkil qilgan.
Bishkek qurol kompaniyasining bosh direktori va egasi sifatida u Virjiniya kompaniyasi bilan Qirg‘izistonga qurol sotib olish va eksport qilish uchun besh yillik 900 ming dollarlik shartnoma tuzgan. Shu bilan birga, berilgan eksport litsenziyasida qurollarni Rossiyaga reeksport qilish taqiqlangan. Shunga qaramay, u boshqa qirg‘iz kompaniyasi orqali Rossiyaga qurol yetkazib bergan. 2022 yilning iyul oyida Qirg‘iziston fuqarosi o‘z kompaniyalari o‘rtasida 67 ming dollarlik operatsiyalarni amalga oshirib, Amerika kompaniyasiga 25 dona yarimavtomatik miltiq va to‘pponcha sotib olish uchun 65 ming dollardan ortiq pul o‘tkazgan. Qurollar Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroportdan Qirg‘izistonga jo‘natilgan. 2022 yilning avgust oyida S.J. miltiqlar rossiyalik sheriklar uchun mo‘ljallangani haqida hujjatlarni olgan.
2022 yilning noyabrida Rossiya kompaniyasining bosh direktori YeOII soliq organlariga kelishuvni tasdiqlab, qurol Qirg‘izistonda sotib olingani va xaridor Moskva kompaniyasi ekanini ko‘rsatdi. Tergovda noqonuniy operatsiyalarni tasdiqlovchi hujjatlar borligi ham qayd etilgan. Qirg‘izistonlik aybdor deb topilsa, u 30 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHdan qurol sotib olib, Qirg‘iziston orqali Rossiyaga olib o‘tmoqchi bo‘lgan guruh faoliyatiga chek qo‘yilgandi. Maxsus xizmatlar uch yildan beri qurol olib yurgan Qirg‘iziston, Rossiya va AQSH fuqarolaridan iborat guruhni ashyoviy dalillar bilan ushlagan. Ular noqonuniy ravishda Glock, CZ, SIG Sauer rusumli to‘pponchalar, AR-15, SIG Sauer 5,56-223 millimetr kalibrli avtomatlar, Benelli Armi miltiqlari va ularning o‘q-dorilarini olib o‘tgan.
Live
Barchasi