Qirg‘iziston 10 yil avval inqiloblardan so‘ng voz kechilgan boshqaruv shakliga qaytishi mumkin

Olam

image

Qirg‘izistonda boshqaruvning prezidentlik shakliga o‘tishni nazarda tutuvchi yangi Konstitutsiya loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Loyihani mamlakat parlamenti Jo‘qorg‘u Kenesh tayyorlagan. Bu haqda paralment saytida xabar berildi.

Konstitutsiyaning yangi loyihasini 120 ta deputatdan 84 nafari qo‘llab-quvvatlagan.

Konstitiutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar yuzasidan 2021 yil 10 yanvarda referendum o‘tkazish taklif qilinyapti.

Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun asos sifatida deputatlar amaldagi parlament boshqaruv tizimining samarasizligi va hisobdorlik mexanizmlarining yetarli yemasligini ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Asosiy qonunning taklif qilinayotgan loyihasida ba’zi bandlar mamlakatdagi so‘z va OAV erkinligiga zid ekanini ta’kidlagan.

Yangi Konstitutsiyada yangi davlat idorasi Xalq Qurultoyini tuzish ko‘zda tutilgan.

Xalq Qurultoyi davlat rahbari, parlament, davlat idoralari, mahalliy hokimiyat va ularning mansabdor shaxslari bilan muvofiqlikda ishlash vakolatiga ega bo‘ladi.

Parlamentdagi deputatlik o‘rinlari 120 tadan 90 taga qisqartiriladi. Bir odam ko‘pi bilan ikki marta 5 yillik muddatga Prezident etib saylanishi mumkin bo‘ladi.

Yangi Konstitutsiya loyihasida davlat boshlig‘iga keng vakolatlar berilgan. Prezident sud, hukumat va mahalliy hokimiyat organlarining mansabdorlarini tayinlashi va qonun loyihasini parlamentga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Davlat rahbari prezident ma’muriyatidan boshqariladigan hukumat dasturining tuzilishini belgilaydi. Prezident, shuningdek, Hukumat yig‘ilishlarida raislik qilishi mumkin bo‘ladi.

Amaldagi Konstitutsion palata Oliy sud tarkibidan chiqariladi va Konstitutsion sud sifatida faoliyat olib boradi.

Bundan buyon Konstitutsiyaga tuzatish parlamentda mutlaq ko‘pchilikning yoki kamida 300 ming saylovchi tashabbusi bilan qonun chiqaruvchi organda qabul qilinadi.

Ma’lumot uchun, 1991-2010 yilarda Qirg‘izistonda boshqaruvning prezidentlik shakli amal qilgan. Ammo ikkita xalq inqilobidan keyin 2010 yilda mamlakatda konstitutsion islohot o‘tkazilib, boshqaruvning parlament tizimi tanlangan.

4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari o‘tkazildi. Ammo odamlar uning natijasidan norozi bo‘lib, namoyish uyushtirdi, mamlakatda tartibsizlik va talonchilik avj oldi.

Namoyishlar oqibatida mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov va Prezident Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqdi.

Taloto‘plar vaqtida qamoqdan chiqarilgan Sadir Japarov tez orada Bosh vazir etib tayinlandi va keyinroq Prezident vakolatlarini bajarish ham vaqtincha unga o‘tdi. Biroq u prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun barcha lavozimlarni tark etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston

Baholaganlar

194

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing