“Qirg‘in” davom etadi. Toshkentda tarixiy “Navro‘z” qabullar uyi buzib tashlandi
Jamiyat
−
09 aprel 2021
14068Poytaxt Toshkent markazidagi tarixiy bino – “Navro‘z” qabullar uyi buzib tashlandi. Ushbu binoni “qirish” ishlari kecha, 8 aprel kuni boshlangan.
Toshkent shahar hokimligining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida berilgan topshiriqlar asosida Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq Milliy bog‘ hududida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining yangi binosi, yangi Milliy drama teatr binosi, mashhur yaponiyalik arxitektor Tadao Ando loyihasi asosida Davlat san’at muzeyining namoyishlari kompleksi, yosh olimlar, yoshlar va kitob ixlosmandlariga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan, ilm-fan va san’atning turli sohalariga oid bosma va elektron davriy nashrlarning ulkan salohiyatiga ega bo‘lgan hamda 1,5 mln dona kitoblar fondini o‘z ichiga olgan ulkan Kutubxona binosi qurish ishlari boshlangan.
2020 yilning 19 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi yangi qurilish loyihalari bilan tanishgan edi. O‘shanda poytaxt Toshkentdagi ko‘p yillik tarixga ega “Navro‘z” qabullar uyi [restorani] Davlat ishtirokidagi korxonalarni sog‘lomlashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish markaziga aylantirilishi belgilangandi.
Prezidentga taqdimotda, ushbu majmua kapital ta’mirlanib, Davlat ishtirokidagi korxonalarni sog‘lomlashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish markazi tashkil etish rejalashtirilgani, bu yerda tadbirkorlarga ma’lumotlar ochiq va shaffof tarzda taqdim etilishi aytilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungacha “Navro‘z” qabullar uyidan davlat miqyosidagi yirik tantanali marosimlarni o‘tkazishda foydalanib kelingan. Qabullar uyi, shuningdek, to‘y marosimlari uchun ham xizmat ko‘rsatgan.
LiveBarchasi