Qibraylik ayol farzandini taksida dunyoga keltirdi

Jamiyat

image

Toshkent viloyati Qibray tumanidagi poliklinika shifokori avtomobilda shoshilinch tug‘uruqni amalga oshirdi. Hozir ona-bolaning ahvoli yaxshi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qibray tumanining Chinobod ko‘chasidan mashinaga chiqqan homilador ayolda kutilmaganda to‘lg‘oq boshlangan. Unga hamroh bo‘lgan qaynonasi uzoqdan tibbiyot muassasasi binosiga ko‘zi tushib, taksi haydovchisiga o‘sha yerga olib borishini aytgan. 

Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Ulug‘bek shaharchasi 1-son poliklinikasi hududiga Matiz avtomobilida olib kelingan homilador ayolga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatishga kirishilgan. 

“Bu vaziyatda har bir soniya hisobli edi. Tug‘uruq jarayoni esa allaqachon boshlangan. Shoshilish zarur! Aslida oilaviy poliklinika go‘dakni dunyoga keltirish uchun mo‘ljallanmagan bo‘lsa-da, ayolni shundoqqina ro‘paradagi ushbu muassasa binosiga olib o‘tishga ham fursat yetmadi. Poliklinika mudirasi Hilola Jamilova (suratda) o‘ta tezkorlik bilan butun mas’uliyatni zimmasiga olib, avtomobilning o‘zida ayolga doyalik qilishga kirishdi”, deyiladi xabarda.

Mutaxassisligi akusher-ginekolog bo‘lgan mudira va uning jamoasi sa’y-harakati va qat’iyati sababli tug‘uruq muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Shundan so‘ng ona va bola sog‘lom holda poliklinikaga eng yaqin hisoblangan Qibray tumani tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi tug‘uruq kompleksiga mutaxassis hamrohligida olib borilgan. 

Xabarga ko‘ra, hozir ona-bolaning ahvoli yaxshi, ular salomatligi tug‘uruq kompleksi shifokorlari nazorati ostida.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent viloyati Qibray tug'uruq

Baholaganlar

285

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing