Qibrayda besh kishini shafqatsizlarcha o‘ldirgan qotil umrbodga qamaldi
3-sahifa
−
16 dekabr 2021
14973Joriy yilning 29 iyul kuni Toshkent viloyatida besh kishi – ota, ikki qiz, bir o‘g‘il va yollanma ishchini pichoqlab o‘ldirgan shaxs umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Gap shundaki, Andijon viloyati, Shahrixon tumanida tug‘ilgan Sh. ismli shaxs 2018 yilning yoz faslida ishlash maqsadida Qibray tumaniga keladi. U yerda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar qurilishida ishlash davomida turmushidan ajrashib ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan yashayotgan M.A. bilan tanishadi. Shu bilan ular joriy yilning may oyigacha o‘zaro ishqiy munosabatda bo‘lib keladi. 11 may kuni esa Sh. ishlash maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga ketadi. Bu orada u yerdan M.A.ga tinimsiz qo‘ng‘iroq qilib, SMS xabarlar jo‘natib, o‘rtalaridagi ishqiy aloqalarni qayta tiklashni aks holda, uni fohisha sifatida o‘zini hamda yaqin qarindoshlarining sha’ni va qadr qimmatini kamsituvchi ma’lumotlarni, ya’ni, o‘z uyali telefoni xotirasida saqlab kelayotgan va muqaddam M.A.ni yalang‘och holatda o‘zi foto hamda videoyozuvga olgan pornografik materiallarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashini aytib qo‘rqitadi.
Qayd etilishicha. M.A. uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘ygandan so‘ng esa Sh. suratlarni Instagram sahifasiga joylab M.A. va uning oilasining sha’nini oyoq osti qiladi. Ayol bilan o‘rtalaridagi munosabat butkul tugaganidan battar alamzada bo‘lgan Sh. uni qasddan o‘ldirishni maqsad qiladi. Joriy yilning 25 iyul kuni tunda “Moskva-Toshkent” yo‘nalishidagi reys bilan Toshkentga uchib keladi. 26 iyul kuni ertalab soat 08:00 larda Chirchiq shahar “Dehqon bozori”ga kelib, u yerdan 30 ming so‘mga oshxona pichog‘ini sotib oladi.
Shundan so‘ng, Sh. taksiga o‘tirib M.A.ning ishxonasi oldiga keladi va uni haydovchining telefonidan foydalanib, qo‘ng‘iroq qilib chaqiradi. M.A. ishxonadan chiqib, uni kutib turgan Sh.ni yoniga borganda u ayolni behayo so‘zlar bilan haqorat qilib, yuziga shapaloq uradi va qasddan o‘ldirish uchun o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘ini, unga sanchmoqchi bo‘lganida, noma’lum haydovchi ularni ko‘rib qoladi. Shu bilan u rejasini amalga oshira olmaydi.
Shu bois, u uch kundan so‘ng, kechki soat 23:30 larda oldindan tayyorlangan oshxona pichog‘i, tibbiy niqob va qo‘lqopni olib, M.A yashaydigan uyga boradi. Uyning kirish darvozasi ochiqligi va hovlida chiroq o‘chganini ko‘rib, hovlidan o‘tib uyning yashash xonadoniga sezdirmasdan kiradi va dahlizda uxlab yotgan M.A.ning singlisi M.Ye.ni ko‘rib qoladi. Xona qorong‘u bo‘lgani bois uni M.A. deb o‘ylab, M.Ye.ning ko‘krak sohasiga bir necha marotaba pichoq bilan urib uni o‘ldiradi. Shu tobda M.A.ning baqirgan tovushini eshitib, uning otasi uyg‘onib qoladi. Tovush chiqqan tomonga kelgan qizning otasini ko‘rib Sh. uning ham ko‘krak qafasiga bir necha bor pichoq urib, qasddan o‘ldiradi. Bu orada hovlida uxlab yotgan M.A.ning ukasi ham uyg‘onib ketadi. Sh. uni ham ko‘krak qafasi va chap qo‘ltiq sohasiga bir necha marotaba pichoq tiqib o‘ta shafqatsizlarcha o‘ldiradi. Shundan so‘ng, shu kuni ushbu xonadonda qurilish ishlarini bajarish uchun kelgan yollanma ishchi Sh.ni tinchlantirishga harakat qilib, unga yaqinlashgan paytda qotil unga ham tashlanib, yerga yiqitadi va ko‘kragiga pichoq sanchadi. Keyinchalik jabrlanuvchi yetkazilgan og‘ir jarohatlar tufayli Qibray tuman markaziy shifoxonasida vafot etadi.
Shundan so‘ng esa, Sh. hovlidagi karavotda uxlab yotgan M.A.ni yurak sohasi va chap ko‘z qismiga bir necha marta pichoq sanchib qasddan o‘ldiradi. Bu orada M.A.ning onasi baland ovozda atrofdagi qo‘shnilarni yordamga chaqira boshlaydi. Qotillik sodir etish jarayonida o‘ng qo‘l barmog‘ini kesilib ketishi natijasida yuzaga kelgan qon ketish hamda kuchli og‘riq tufayli Sh. qolgan harakatlarini oxiriga yetkaza olmasdan, voqea joyidan qochib yashirinadi.
Joriy yilning 14 dekabr kuni Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining yopiq sudida Sh.ning ishi ko‘rib chiqildi. Jinoyatchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi “l” bandi, 97-moddasi 2-qismi “a,v,g,j,l,r” bandlari, 25,97-moddasi 2-qismi “a,g,r” bandlari, 119-moddasi 2-qismi “g” bandi, 130-moddasi 2-qismi “a” bandi, 140-moddasi 2-qismi va 219-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Hukmga ko‘ra, jinoyatchiga nisbatan JKning 25, 97-moddasi, 119-moddasi 2-qismi “g” bandi, 130-moddasi 2-qismi “a” bandi, 219-moddasi 1-qismi, 140-moddasi 2-qismi, 97-moddasi 2-qismi “a,v,g,j,r” bandlari bilan, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 4-qismi tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.