Qibrayda 16 kishi is gazidan zaharlanmagan. Buning sababi boshqa
Jamiyat
−
02 dekabr 2019
8816Avvalroq, Toshkent viloyati Qibray tumanida bir oilaning 16 nafar a’zosi is gazidan zaharlangani, jabrlanganlarning 11 nafari bolalar ekanligi haqida xabar berilgandi.
Mazkur zaharlanish yuzasidan “Hududgazta’minot” AJ va “Hududgaz Toshkent” MCHJning “Qibraytumangaz” filiali xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, natijalari e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, Qibray tumani, “Alisherobod” mahalla fuqarolar yig‘ini Yangi tong ko‘chasida joylashgan xonadondagi barcha gaz jihozlari va quvurlari qat’iy nazoratdan o‘tkazilganda, xonadaonda gaz sizib chiqishi va is gazidan zaharlanish holatlariga olib keluvchi sabablar mavjud emasligi aniqlangan.
Faqat, xonadonga o‘rnatilgan isitish moslamasining joylashuvi tasdiqlangan texnik rejaga zid ravishda, o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirib olingani aniqlanib, darhol gaz ta’minotidan uzilgan.
Surishtiruvlar natijasida, voqea aslida bir kun avval mehmondorchilik uchun xonadonga kelgan qarindoshlarning qo‘lbola konserva maxsulotlarini iste’mol qilishi natijasida 7 fuqaro jumladan, ikki ayol va 5 ta bola oziq-ovqatdan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgani aniqlangan.