Kemeron xitoylik mavqedoshidan Eronga bosim o‘tkazishni so‘radi

Olam

image

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron kecha, 16 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida xitoylik mavqedoshi Van I bilan uchrashdi va Pekinni Qizil dengizdagi keskinlikni kamaytirish uchun Eronga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda Britaniya TIVning tegishli bayonoti e’lon qilindi.

“Tashqi ishlar vaziri Xitoyni husiylarga Qizil dengizdagi harakatlari yuzasidan bosim o‘tkazish uchun Eronga ta’siridan foydalanishga chaqirdi”, deyiladi bayonotda.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kemeron uchrashuvda Ukrainadagi mojaro masalasini ham ko‘tarib, bu “qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni xavf ostiga qo‘yishi” haqida o‘z fikrini bildirgan.

Qayd etilishicha, TIV rahbari xitoylik mavqedoshi bilan uchrashuvdan London va Pekin o‘rtasida “bir qator tafovutlar mavjud bo‘lgan sohalar bo‘yicha Buyuk Britaniyaning pozitsiyasini aniq belgilash uchun” foydalangan. Ular orasida Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyati va Gonkongdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat, Britaniya parlamentariylariga qarshi Xitoy sanksiyalari bor. Shuningdek, Kemeron muxolifatdagi mediamagnat Jimmi Layni ozod qilishni talab qildi.

Ma’lumot uchun, 76 yoshli Jimmi Lay (Li Chjing) 2019 yilning yozida Gonkongda boshlangan hukumatga qarshi namoyishlarning asosiy tashkilotchilaridan biri deb ko‘riladi. U Xitoy Xalq Respublikasining ushbu maxsus ma’muriy hududida milliy xavfsizlikka tahdid solish maqsadida tashqi kuchlar bilan til biriktirganlikda ayblanmoqda. Tergovning da’vo qilishicha, tadbirkor norozilik harakatiga moliyaviy yordam bergan, AQSH siyosiy elitasi bilan aloqalarni saqlab qolgan, Gonkong va Xitoyga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing