Qayta saylangan Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston xalqining Prezident saylovida uyushqoqlik bilan ishtirok etishi odamlarning siyosiy-huquqiy madaniyati tobora yuksalib borayotganini ko‘rsatdi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovdan keyin ilk bor o‘tkazilayotgan qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning borishi, klasterlar oldidagi muammoli masalalar va ularning yechimlarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan videoselektor avvalida aytib o‘tdi.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tadbirni O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik so‘zlaridan boshlab, shunday dedi:

“Xalqimiz saylovda uyushqoqlik bilan ishtirok etib, o‘zining siyosiy-huquqiy madaniyati tobora yuksalib borayotganini, tinch va farovon hayot barpo etishga bo‘lgan ezgu va olijanob intilishini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Ushbu saylovda el-yurtimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni biz besh yil oldin boshlagan, huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimizga berilgan eng oliy baho, deb bilaman.

Fursatdan foydalanib, mening O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishimga o‘z ishonchini bildirgan va samimiy qo‘llab-quvvatlagan aziz yurtdoshlarimga, ko‘pmillatli butun xalqimizga, xususan, alohida Qoraqalpog‘iston ahliga yana bir bor o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.

Mamlakatimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhiti bizning eng katta boyligimizdir. Mana shunday bebaho boylikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashni men Prezident sifatida o‘zimning ustuvor vazifam, deb hisoblayman”.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylanishi munosabati bilan o‘z tabrik va qutlovlarini yo‘llayotgan mamlakat jamoatchiligiga, fuqarolarga chuqur ehtiromini bildirdi.

“Ayni paytda, muqobillik asosida o‘tgan saylovda boshqa partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarning kelgusi faoliyatlariga omad tilayman. Biz kuni kecha o‘zaro raqobat qilgan bo‘lsak, endi barcha orzu-intilish va harakatlarimizni birlashtirib, jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida faol hamkorlik qilamiz”, deya so‘zini yakunladi Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

69

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing