Qaysi davlatlarda turmush darajasi eng tez o‘syapti?

Olam

image

So‘nggi 25 yilda turmush darajasi eng tez o‘sgan mamlakatlar e’lon qilindi. Bu haqda “Naked Sience” xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi chorak asr jahon iqtisodiy manzarasini tubdan o‘zgartirgan. Xususan, rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlari va Sharqiy Yevropaning bir qismida turmush darajasi keskin oshgan.

Kishi boshiga to‘g‘ri keladigan real YAIM (yalpi ichki mahsulot) o‘sayotgani mamlakatlar iqtisodiy ishlab chiqarish hajmini har bir inson hissasida qanday sur’atda ko‘paytirganini ko‘rsatadi. Bu farovonlik o‘sishining uzoq muddatli eng ishonchli ko‘rsatkichlaridan biri.

Yangi infografika Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga tayangan holda, dunyodagi eng yirik 50 iqtisodiyotni 2000 yildan beri kishi boshiga real YAIM o‘sishi bo‘yicha reytingda solishtiradi va qayerda turmush darajasi yaxshilanganini ko‘rsatadi. Hisob-kitoblarda inflyatsiya ta’sirini yo‘qqa chiqaradigan doimiy narxlar va turmush xarajatidagi farqlarni yumshatishga imkon beradigan xarid qobiliyati pariteti (XQP) bo‘yicha xalqaro dollar qo‘llanadi. Bu uslublar yig‘indisi valyuta tebranishlari yoki narxlar darajasidagi farqlar bilan buzilmagan, farovonlikdagi haqiqiy o‘zgarishlarni aks ettiradi.

Ro‘yxat boshida Osiyo mintaqasi ustun: kishi boshiga real YAIM eng tez o‘sgan beshta iqtisodiyotning barchasi shu yerda joylashgan va Osiyo birinchi yigirmatalikda 14 ta o‘rinni egallaydi.

Xitoyning o‘sishi ayniqsa ajralib turadi: kishi boshiga real YAIM 2025 yilga kelib 25 035 AQSH dollariga yetdi, 2000 yildagi taxminan 4 050 dollardan 518 foizga oshdi. Vetnam (266 foiz) va Bangladesh (208 foiz) ham raqobatbardosh sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishi va jahon savdo tarmoqlariga chuqurroq integratsiya tufayli juda ta’sirli natijalar ko‘rsatdi. Hindistondagi 235 foizlik o‘sish esa iqtisodiy liberallashuv, demografik salohiyat va xizmatlar sektori kengayishining ta’sirini aks ettiradi.

Osiyodagi bu to‘rtta iqtisodiyot birgalikda 2000 yildan beri jahon o‘sish va savdo dinamikasini keskin o‘zgartirib yubordi va XXI asrda jahon iqtisodiy yuksalishiga katta ulush qo‘shdi. Rossiya reytingda 14-o‘rinni egallab, kishi boshiga YAIM 109 foizga o‘sgan.

Shu bilan birga, dunyoda YAIM hajmi bo‘yicha eng yirik 50 iqtisodiyotning hammasi ham 2000 yildan beri kishi boshiga real YAIM o‘sishini ko‘rsata olgani yo‘q.

BAAda bu ko‘rsatkich aksincha pasaygan – 2000 yildagi taxminan 99 ming dollardan 2025 yilda 72 386 dollargacha. Asosiy sabab – aholi sonining juda tez o‘sishi: 2000 yilda 3,5 million kishi bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib 11,35 million nafarga yetdi.


Maqola muallifi

Teglar

turmush davlat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing