Qaysi davlatlar birinchi bo‘lib Yangi yilni kutib oldi? (video)
Olam
−
31 dekabr 2025 46158 2 daqiqa
Dunyoda Yangi yilni eng birinchi bo‘lib Kiribati nomli davlat aholisi kutib oladi. Bu Yer sharining barcha yarimsharlarida bir vaqtning o‘zida joylashgan noodatiy mamlakat bo‘lib, u yerda Yangi yil Toshkent vaqti bilan soat 15:00 da kirib keladi. Shuningdek, bayramni ilk bo‘lib qarshi oladigan davlatlar qatorida Samoa va Tonga ham bor.
Yangi yilni an’anaviy tarzda eng birinchi bo‘lib Kiribatining sharqiy orollarida yashovchilar kutib oladi. Layn orollarida sayyoradagi eng erta vaqt mintaqasi – UTC+14 joylashgan. Shu sababli bayram mushaklari va so‘nggi soniyalarni sanash aynan shu yerda boshqalardan oldin boshlanadi. Mahalliy aholi tunni plyajlarda o‘tkazadi, sayyohlar esa yilning “eng birinchi” bayramini ko‘rish uchun ataylab tashrif buyuradi.
Kiribatidan so‘ng Samoada Yangi yil kirib keladi. Bu davlat UTC+13 vaqt mintaqasida joylashgan. Samoa 2011 yilda Yangi Zelandiya va Avstraliya bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida vaqt mintaqasini o‘zgartirgan va shundan buyon Yangi yilni birinchilar qatorida kutib oladi. Bu yerda bayramlar an’anaviy ruhda – okean bo‘yida raqslar, qo‘shiqlar va yurishlar bilan o‘tkaziladi.
Shu vaqt mintaqasida joylashgan Tonga qirolligi ham dunyoning aksariyat davlatlaridan oldin Yangi yilni qarshi oladi. Poytaxt Nukualofada ommaviy saillar tashkil etiladi, mahalliy aholi esa Yangi yil munosabati bilan uylarlarini bezaydi.
Keyingi bo‘lib 2026 yilni Yangi Zelandiya aholisi kutib oldi. Mamlakatning asosiy hududi yozgi vaqt hisobiga UTC+13 mintaqasida joylashgan, Chatem orollari esa UTC+13:45 vaqt zonasida bo‘lib, bu orqali ularda bayramni kutib olish vaqti jihatidan noyob imkoniyat paydo bo‘ladi. Oklend va Vellington shaharlarida an’anaviy ravishda o‘n minglab odamlarni jamlaydigan yirik mushakbozliklar o‘tkaziladi.
Okeaniya mintaqasidagi Fiji, Tuvalu, Nauru, Uollis va Futuna kabi davlatlar ham UTC+12 va UTC+13 oralig‘idagi vaqt mintaqalarida joylashgani sababli Yangi yilni eng dastlab kutib oluvchilar qatoriga kiradi. Bu hududlarda bayram tadbirlari asosan suv bo‘yida o‘tkaziladi, an’anaviy raqslar va milliy taomlar esa yangi yil kechasining ajralmas qismiga aylanadi.
Live
Barchasi