Qaylig‘im “Mossad” agenti emas – Durov
Olam
−
10 Oktabr
8269Telegram asoschisi, rossiyalik dasturchi Pavel Durov qaylig‘i Yuliya Vavilovaning “Mossad” agenti ekani haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Durov joriy yilning 27 avgust kuni u Parijdagi politsiya bo‘limida bo‘lgani, bu paytda unda hech qanday qurilma yoki internetga kirish imkoni bo‘lmaganini yozgan. Qayd etilishicha, bu uning hibsxonadagi uchinchi kuni edi. Politsiya bo‘limida tergov qilinayotgan Durov advokatidan qaylig‘i Juliyaning tergovga kelish-kelmasligi haqida so‘ragan.
Advokat esa aniq javob bermagan. Pavel Durov esa sal turib Vavilovaning homiladorligini bilgan. Politsiya uni qo‘yib yuborgach, Yuliyaga “Mossad” agenti sifatida qaralayotgani hamda unga bu masala bo‘yicha bosim o‘tkazilayotganini bilgan.
“Yaxshiyamki, ertasi kuni kechki payt meni qo‘yib yuborishdi. Yuliya qolgan uyning tomi tepasiga chiqqanimda, ro‘paramda ajoyib salyutlar otildi. O‘sha payt Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi endigina boshlangan edi. Ammo kayfiyatim bayramona emas edi. Yo‘qligimda Yuliyaga bo‘lgan bosim meni aqldan ozdirdi. Ba’zi blogerlar uni “Mossad agenti” degan mish-mishlar tarqatibdi. Qurilmalari musodara qilingani uchun u bir necha hafta davomida Telegram va Instagram’dagi akkauntlariga kira olmadi. Uning ijtimoiy tarmoqlarda ancha vaqt jim turishi yanada ko‘proq mish-mishlarni keltirib chiqardi. Unga qaratilgan kiberbulling mish-mishlarni kuchaytirib yuborgan”, deya yozgan u.
Shu tariqa Durov qaylig‘i – Yuliya Vavilovaning dushmanlik kayfiyatidan yiroqligini bildirib, uning “Mossad” agenti sifatida talqin etilgan xabarlar haqiqatga mos kelmasligini aytgan.
“Yuliya mendan farqli o‘laroq, dushmanlikka o‘rganmagan. U urush uchun yaralgan emas”, deydi Durov.
Durovning sevgilisi Yuliya Vavilovaning yozishiga qaraganda, uning 10 haftalik homilasi tergov jarayoni hamda unga nisbatan ijtimoiy tarmoqlar orqali qilingan kiberbulling ortidan nobud bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 39 yoshli Pavel Durov 24 avgust kuni Le Burje aeroportida shaxsiy samolyotidan tushgan vaqtida qo‘lga olingan edi. U messenjerdagi noqonuniy kontentni qasddan tartibga keltirmaganlikda ayblangan.
28 avgust kuni Durov Parijdagi hibsdan 5 million yevro garov evaziga ozod qilindi. Unga Fransiyadan chiqib ketish taqiqlangan va haftasiga ikki marta politsiyaga xabar berib turish sharti qo‘yilgan. Unga nisbatan bir nechta jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ular orasida noqonuniy faoliyat olib boriladigan platformani boshqarish, rasmiylar tomonidan so‘ralganda ma’lumot berishdan bosh tortish, pul yuvishda ishtirok etish, bolalar jinsiy jinoyatlari, giyohvand moddalar savdosi va firibgarlik kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram asoschisi Pavel Durov 2018 yildan beri messenjer ko‘pchilik mamlakatlardagi maxfiylik siyosatiga ko‘ra, jinoyatchilarning IP manzillari/telefon raqamlarini rasmiylarga oshkor qila olishini ma’lum qildi. Durovning so‘zlariga ko‘ra, @transparency boti foydalanuvchining ma’lumotlari uchun qayta ishlangan (hukumat) so‘rovlar sonini ko‘rsatib beradi.
Uning ta’kidlashicha, kompaniya Braziliyada 2024 yilning 1-choragida (yanvar-mart oylari) 75 ta, 2-chorakda 63 ta va 3-chorakda 65 ta yuridik so‘rovlar bo‘yicha ma’lumotlarni oshkor qilgan. Bozordagi eng yirik ko‘rsatkich Hindistonda 1-chorakda 2461 ta, 2-chorakda 2151 ta va 3-chorakda 2380 ta yuridik so‘rov qondirilgan. Shuningdek, Yevropada ham 3-chorakda qabul qilingan qonuniy so‘rovlar soni ko‘payishi kuzatilgan.
LiveBarchasi