“Qattiq qo‘l” siyosati: Tashiyev fenomeni nimalarga ta’sir o‘tkazdi?

Olam

image

Avvalroq, Kamchibek Tashiyev Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi va Vazirlar kabineti raisi o‘rinbosari lavozimidan olingani haqida xabar berilgan edi. Ortidan uning o‘rinbosarlari ham lavozimlaridan mahrum bo‘ldi. MXDQ boshlig‘i vazifasini bajaruvchi sifatida Jumgalbek Shabdanbekov tayinlandi. 

Xuddi shu kuni Prezident Sadir Japarov farmoni bilan Chegara xizmati MXDQ tarkibidan chiqarildi, shuningdek, yuqori lavozimli shaxslarni muhofaza qiluvchi 9-maxsus bo‘linma alohida organ sifatida tashkil etilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri Prezidentga bo‘ysunadigan qilindi. Shu tariqa ko‘plab asosiy funksiyalar jamlangan davlat qo‘mitasi vakolatlari keskin qisqardi. Kuch ishlatar tuzilmalari manbalarining bildirishicha, bu faqat boshlanishi – MXDQni jiddiy islohotlar kutmoqda. Kelajakda maxsus xizmatlar asosan kontrrazvedka, razvedka, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bilan shug‘ullanadi.

Qirg‘izistonlik siyosiy tahlilchi va ekspert Edil Baysalov bu jarayonni “ma’lum bir siyosiy-tarixiy bosqich kutilmagan tarzda yakunlanishi”, deya ta’riflagan.

MXDQ Tashiyev davrida

Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni MXDQga rahbarlik qila boshladi. Besh yil ichida qo‘mita mamlakatning asosiy kuch tuzilmasiga aylanishi bilan birga, o‘z ta’sirini sezilarli darajada kengaytirdi. 2020 yil noyabr oyida Davlat chegara xizmati MXDQ nazoratiga o‘tkazildi. Prezident ma’muriyati buning sababini kontrabanda, jinoyatchilik guruhlarining kirib kelishi, giyohvand moddalar va qurolning noqonuniy importiga qarshi kurashni kuchaytirish bilan izohlagan edi. 2021 yil mart oyida Davlat iqtisodiy xavfsizlik xizmati tugatildi va uning funksiyalari ham MXDQga topshirildi.

Tashiyev davrida yana bir tashabbus – soliq, bojxona va prokuratura tizimlarida maxsus unvonlarni isloh qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu tizim xodimlariga poyabzal, forma yoki harbiy unvon olishni taqiqladi, bu huquq faqatgina muhofaza qiluvchi organlargagina berildi. Qiziq tomoni, bu masala 10 fevral kuni parlamentning tegishli qo‘mitasi tomonidan Tashiyev murojaati asosida favqulodda ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga ko‘plab davlat idoralarida ichki xavfsizlik bo‘limlari kuchaytirildi, MXDQ sobiq xodimlari esa fuqarolik idoralarida rahbar lavozimlariga tayinlana boshlandi. Masalan, sobiq Jalolobod viloyati MXDQ boshqarmasi rahbari Qanibek Do‘smambetov Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘ldi.

Tashiyevning aytishicha, 2020 yilga kelib qo‘mita tanazzul holatiga tushib qolgan, hududiy bo‘linmalardagi xodimlar esa yetarli sharoit yo‘qligi sabab eski kutubxonalar va madaniyat uylari binolarida tor va noqulay joylarda faoliyat yuritishga majbur bo‘lgan. Xodimlarda demoralizatsiya (ruhiy tushkunlik, loqaydlik) bo‘lgan, korrupsiyalashgan, hatto jinoiy guruhlarga ma’lumot bergan xodimlar ham bo‘lgan. Uning rahbarligida MXDQning tuman boshqarmalari uchun yangi binolar barpo etila boshlandi, maxsus xizmat xodimlari uchun uylar, bog‘chalar, oromgohlar qurildi.

Uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi kurash

MXDQning asosiy yo‘nalishlaridan biri uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘ldi. Tashiyev uyushgan jinoiy guruhlar (UJG) hududlarda deyarli ikkinchi hukumat sifatida faoliyat yuritganini qayd etgan. Ushbu kurashning qat’iy boshlanishi 2023 yil 3 oktyabrda o‘tkazilgan maxsus operatsiya bo‘ldi. Operatsiya davomida jinoyat olamidagi avtoritet Qamchi Kolbayev yo‘q qilindi. Shundan so‘ng mamlakat bo‘ylab ommaviy hibsga olishlar boshlandi. Tashiyev o‘z chiqishlarida bir necha bor bundan buyon Qirg‘izistonda UJGlar bo‘lmasligini ta’kidlagan. Uning “biz ularni fosh qilamiz” va “hurmatli banditlar” degan iboralari esa ijtimoiy tarmoqlarda memlarga aylangan.

“Men shaxsan UJGlarga qarshi kurashning boshidaman. Ortimda milliy xavfsizlik organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, prokuratura, sud. Birgalikda UJGlarni yo‘q qilamiz”, degan Tashiyev.

Bu jarayon biznesni ham qamrab oldi. Bir qator yirik tadbirkorlar jinoiy guruhlarni moliyalashtirishda gumon qilinib, hibsga olindi. O‘rta biznes ham maxsus xizmatlar e’tiboridan qo‘rqadigan bo‘lib qoldi.  Shuningdek, Tashiyev o‘z navbatida joriy yil 1 yanvardan noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazilishini to‘xtatishga va’da ham qilgan edi.

Kusturizatsiya

Sadir Japarov korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borishni va’da qilgan. Dastlab hibslar, jiddiy jinoyat ishlar, amaldorlarning hibsga olinishi boshlandi. Biroq ko‘p o‘tmay ko‘pchilik holatlarda haqiqiy jazolar qo‘llanilmagani ma’lum bo‘ldi – ko‘plab shaxslar davlatga zarar yoki mol-mulkni qaytarish evaziga jazoni yengillatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu jarayon ommaviy axborot vositalarida “kusturizatsiya” deb atalgan.

Sadir Japarov hokimiyatga kelgach, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borishga va’da bergan edi. Darhaqiqat, qo‘lga tushirish operatsiyalari, shov-shuvli jinoyat ishlari va amaldorlarning hibsga olinishi boshlandi. Biroq ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldiki, amaldorlar har doim ham haqiqatda qamoq jazosi bilan jazolanmagan. Ko‘p hollarda ayblanuvchilarga yetkazgan zararini qoplash, pul yoki mol-mulkni davlatga qaytarish evaziga jazoni yengillashtirish taklif etilgan. Xalq orasida bu mexanizm “kusturizatsiya” deb atalgan.

Tashiyevning aytishicha, 5 yil ichida davlatga 300 mlrd somdan ortiq (salkam 3,5 million AQSH dollari) mol-mulk va aktivlar qaytarilgan, mingdan ortiq korxona va boshqa ob’ektlar hamda 30 ming gektardan ortiq yer ham qaytarib olingan.

2024 yilda MHDQ tashabbusi bilan korrupsiyaga oid qonun qabul qilindi: jazo muddatini belgilash, korrupsiyada ayblangan shaxslar va ularning yaqinlariga umrbod davlat xizmatida ishlash taqiqlandi.

MHDQ – har joyda, har ishda

Rasmiy vakolatlar qonuniy jihatdan deyarli kengaytirilmagan bo‘lsa-da, amalda MXDQ politsiya, mahalliy organlar va hatto sanitariya xizmatlariga oid funksiyalarni amalga oshira boshladi va bu ishlar ko‘pincha Tashiyevning shaxsiy topshirig‘i bilan bajarilgan.

Fohishalikka qarshi kurash

2023 yil noyabrida, MXDQning navbatdagi binosining ochilish marosimidagi nutqida Tashiyev mamlakatdagi fohishalik masalasiga to‘xtalib o‘tgan:

“Agar biz bu haqda gapirmasak, kim gapiradi? Ko‘rinib turibdiki, biz kabi odamlar bunday mavzularni ko‘taradigan bo‘lsak, xalq va jamiyat e’tibor beradi. Chunki so‘nggi paytlarda qizlarning, ayniqsa, talabalar xulqi juda buzilgan. Qishloqlardan Bishkekka o‘qishga kelishadi, ota-onalarining pulini olib kelishadi, o‘qishadi, so‘ngra esa fohishalik bilan shug‘ullanadigan bo‘lishadi”, deya xodimlarga shahar va maskanlardagi bordellar (noqonuniy jinsiy xizmatlar ko‘rsatiladigan maskan)ni yo‘q qilishni topshirgan. 

Shundan so‘ng darhol mamlakat bo‘ylab massaj salonlari, sauna, karaoke-barlar va mehmonxona xonalari nomi ostida yashirinib, intim xizmatlar ko‘rsatgan bordellar tarmog‘ini aniqlash bo‘yicha operatsiyalar boshlandi. Biroq MXDQ xodimlarining ish uslubi inson huquqlari faollari orasida norozilik uyg‘otdi, chunki ayollarning shaxsiy ma’lumotlari butun mamlakatga tarqatilgan edi.

Eng shov-shuvli holatlardan biri 2023 yil 27 noyabrda sodir bo‘ldi. MXDQ137 nafar jinsiy xizmat ko‘rsatuvchi ayol hibsga olingani haqida xabar tarqatdi. Xabarda barcha ayollarning fotosuratlari va ba’zilarning shaxsiy ma’lumotlari berilgan edi. MXDQ bu harakatlarni “profilaktik chora-tadbirlar” deb izohlagan. 

Tibbiyot

2023 yilda davlat qo‘mitasi stomatologik klinikalar faoliyatini tekshirishga kirishdi. Soliq majburiyatlari bajarilishida, litsenziyalar berilishida va sanitariya-epidemiologik me’yorlarga rioya qilinishida buzilishlar aniqlangan. Masalan, Jalolobod viloyatidagi 122 ta klinikadan 78 tasida jiddiy qonunbuzarliklar topilgan. Shuningdek, noqonuniy sanitariya-epidemiologik guvohnomalar berish bilan bog‘liq korrupsiya sxemasini tashkil etishda gumon qilingan Davlat gigiyena va epidemiologik nazorat xizmati xodimlari hibsga olingan.

Tekshiruvlar go‘zallik salonlari va beauty-klinikalarda ham o‘tkazilib, u yerda sifatli bo‘lmagan va kontrabanda dorilar ishlatilgani aniqlangan.

Milliy xavfsizlik organi salonlarni tekshirish sababini shunday tushuntirdi: “Yaqin kelajakda bu millatning genofondi xavf ostida qolishi mumkin, chunki ko‘pchilik yosh qizlar kosmetolog xizmatlaridan foydalanadi”.

Ta’lim

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ta’lim sohasida korrupsiyani aniqlashni boshladi. Masalan, birinchi sinflarga bolalarni qabul qilish uchun pora olayotgan paytda bir qator poytaxt maktablari direktorlari qo‘lga olindi. O‘tgan yili MXDQ maktablardagi elektron qabul qilishni tekshirgach, soxta qayd holatlarini ham aniqlagan. Ta’lim vazirligi ota-onalar va maktab rahbarlarini ogohlantirib, birinchi sinflarga qayd ettirish MXDQ nazorati ostida ekanligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, MXDQ ta’siri ostida 12 yillik ta’limga o‘tish rejasi o‘zgartirildi. Dastlab, 2025-26 o‘quv yilida birinchi va ikkinchi sinflarga bir vaqtda qabul qilinishi bilan birga, o‘quvchilarni sinflar bo‘ylab o‘tkazish ham rejalashtirilgan edi. Masalan, uchinchi sinfni tugatgan o‘quvchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri beshinchi sinfga, oltinchi sinfni tugatganlar sakkizinchi sinfga o‘tishi kerak edi. Ammo ota-onalarning noroziligi ortidan Qamchibek Tashiyev maktab islohotlariga ham qiziqish bildirdi. Uning aralashuvidan so‘ng Ta’lim vazirligi rejani o‘zgartirdi.

Universitetlar ham MXDQ e’tiboridan chetda qolmadi. Davlat qo‘mitasi tekshiruvlaridan so‘ng bir qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari lavozimidan ozod qilindi, minglab talabalar esa haydaldi. Shuningdek, Tashiyev shaxsan talabalarni darslarga qatnashmaslik va sessiyalarni o‘z vaqtida yoki to‘liq topshirmaganlarni jazolash bilan ogohlantirdi.

Oziq-ovqat xavfsizligi

Garchi oziq-ovqat xavfsizligi rasmiy ravishda tegishli xizmatlar vakolatiga kirsa-da, MXDQ ham bu masalalarga aralashgan. Masalan, 2025 yil iyul oyida davlat qo‘mitasi “Korzinka” do‘konida muddati o‘tgan mahsulotlarni aniqladi. Maxsus xizmatlar kompaniya 5-6 yil davomida muddati o‘tgan souslar, pishloqlar, dengiz mahsulotlari va delikateslarni import qilib, ularni Bishkekdagi yirik bozorlar, kafelar va restoranlarga yangi mahsulotlar sifatida sotganini aniqladi. Ishni yakunlash uchun MXDQ xodimlari mahsulotlarni yo‘q qilish ishlarini ham amalga oshirgan. Un, go‘sht va boshqa mahsulotlar narxining oshishi masalalari ham Tashiyev nazoratida bo‘lgan.

Oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash

Oilaviy zo‘ravonlik bilan kurash – bu asosan militsiya va ijtimoiy xizmatlar vakolatiga kiradi, ammo Tashiyevning topshirig‘iga binoan MXDQ ham faol shug‘ullandi. U zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollarga MHDQga murojaat qilishni tavsiya qilgan va ayrim jiddiy holatlarni shaxsan nazorat qilgan.

Energetika

2025 yil noyabrida energetika inqirozi fonida Tashiyev shahar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kafelar va restoranlarga 22:00 dan keyin ishlashni taqiqlash, qoidabuzarlik yuz bersa elektr ta’minotini uzish bo‘yicha topshiriq berdi. Rasmiy ravishda MXDQ bu bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa-da, Tashiyevning shaxsiy talabi samara berdi. Bishkek, O‘sh va boshqa yirik shahar hokimiyatlari navbatma-navbat cheklovlar joriy qilganini xabar berdi. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda 2026 yil bahorigacha kriptoferma faoliyatiga taqiq qo‘yildi.

Fuqarolik jamiyatiga bosim

MXDQning ta’siri ortib borishi bilan fuqarolik sektorga bosim ham kuchaygan. Jurnalistlar, huquq faollari va aktivistlar tez-tez chaqirtirishlar, hibslar va tintuvlar haqida gapirishgan. Oddiy fuqarolar, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lganlar ham bu bosimni sezishgan. Masalan, Instagram’dagi mashhur “Babskiy blog” administratori 22:00 dan keyin kafe va restoranlarning ishlashiga qo‘yilgan cheklovlar sababli biznesga zarar yetishi haqida joylagan hikoyasi uchun MXDQga chaqirtirilgan. MXDQning e’tiboriga tushmaslik uchun tadbirkorlar, siyosatchilar va jamiyat faollari ya’ni ommaviy va siyosiy hayotda faol bo‘lganlar o‘zlarini kamroq namoyon qilishga majbur bo‘lgan.

Shu misollardan ko‘rinib turibdiki, MXDQ 5 yil ichida u jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashdan tortib bozor narxlari va birinchi sinflarga o‘quvchi qabul qilishni amalga oshiruvchi oddiy maxsus xizmatdan universal organiga aylangan.

E’zoza Olimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qirg'iziston Milliy xavfsizlik siyosat “Qattiq qo'l” fenomeni Kamchibek Tashiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing