Qatllar mamlakati: Eronning eng yirik qamoqxonasida mahkumlar ochlik e’lon qildi
Olam
−
28 iyul 5499 3 daqiqa
Eronning eng yirik qamoqxonasi – G‘ezel Hisorda o‘lim jazosiga hukm qilingan kamida 1 500 nafar mahkum qatl jazolari keskin ko‘payganiga qarshi ommaviy ochlik aksiyasini boshladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, aksiya ikki hafta avval giyohvandlik bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha hukm qilingan olti nafar mahkum ehtimoliy qatl oldidan yakkaxonaga o‘tkazilganidan keyin boshlangan.
Muhojirlikdagi huquq himoyasi tashkilotlari tarqatgan videolarda mahkumlar qamoqxona yo‘lagida “Qatllarga yo‘q” degan yozuvli plakatlarni ushlab, “Bizning ovozimiz bo‘ling” deya shiorlar aytayotgani aks etgan.
Videolardan birida mahkum ochlik aksiyasining oltinchi kuni ham qamoqxona ma’muriyati e’tirozga javob bermagani uchun lablarini tikayotganini aytgan. Keyingi lavhada esa boshqa mahkum uning lablarini igna va ip bilan tikayotgani ko‘ringan. Yana bir videoda mahkum sog‘lig‘i yomonlashayotganlar uchun shoshilinch tibbiy yordam chaqirib, qorovullar ularni tibbiyot bo‘limiga olib chiqishga ruxsat bermayotganini aytgan.
Bu aksiya 2024 yil yanvaridan beri Eron qamoqxonalarida davom etayotgan mahkumlar boshchiligidagi qatl jazosiga qarshi kampaniyaning navbatdagi bosqichi hisoblanadi.
Osloda joylashgan “Iran Human Rights” tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon Eronda kamida 424 nafar odam qatl etilgan, yana yuzlab mahkumlar o‘lim jazosini kutib turibdi. Qatl etilganlarning aksariyati giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha hukm qilingan.
Bugun, 28 iyul kuni esa hukumat 2026 yil yanvar oyidagi hukumatga qarshi namoyishlar vaqtida ikki nafar politsiya xodimining o‘limiga aloqadorlikda ayblangan ikki erkakni “Allohga qarshi urush ochish” ayblovi bilan dorga osgan. Joriy yilda namoyishlarga aloqador 26 kishi qatl etilgan.
“Iran Human Rights” direktori Mahmud Amiriy-Mog‘addam giyohvandlik ishlari bo‘yicha o‘lim jazosiga hukm qilinganlar Erondagi eng himoyasiz mahkumlar ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili kamida 795 kishi giyohvandlikka oid ayblovlar bilan qatl etilgan, ammo bu xalqaro hamjamiyat yoki ijtimoiy tarmoqlarda deyarli aks-sado bermagan. Amiriy-Mog‘addam mahkumlar bu aksiya orqali xalqaro hamjamiyat qatllar narxini siyosiy jihatdan oshirishini umid qilayotganini ta’kidlagan.
Amnesty International’ning ma’lum qilishicha, milliy xavfsizlik va giyohvandlik ishlarini ko‘radigan inqilobiy sudlar mustaqil emas hamda ko‘p hollarda adolatsiz sud jarayonlaridan keyin og‘ir jazolar, jumladan o‘lim jazolarini tayinlaydi.
“The Guardian”ga yetkazilgan mahkumlardan birining murojaatida ular tirikchilik uchun qilgan birinchi xatosi tufayli o‘lim jazosiga mahkum etilganidan afsusda ekani aytilgan.
“Dunyoning qayerida inson birinchi xatosi uchun hayotidan mahrum etiladi?” degan u.
2025 yil oktyabr oyida ham ushbu qamoqxonada 1 500 nafardan ortiq mahkum olti kunlik ochlik aksiyasi o‘tkazgan va shundan keyin hukumat vakillari qamoqxonaga tashrif buyurgan. Biroq huquq faollari o‘shandan buyon sharoitlar yaxshilanmaganini bildirmoqda.
Huquqshunos Muin Xazayeliyning aytishicha, giyohvandlik ishlari bo‘yicha nohaq sud jarayonlari va qatllar davom etmoqda. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab ayblanuvchilar advokat yordami va o‘zini himoya qilish imkoniyatisiz qolmoqda, ayrim holatlarda esa kambag‘al yoki etnik ozchilik vakillariga qarshi soxta ayblovlar qo‘yilmoqda.
Huquq himoyachilariga ko‘ra, AQSH bilan urush ortidan joriy yilda qatllar soni yanada oshgan. Namoyishlarda ishtirok etgan siyosiy mahkumlarga nisbatan ham o‘lim jazolari ko‘paygan bo‘lib, ko‘plab hukmlar qiynoqlar ostida olingan iqrorliklarga asoslangan.
G‘ezel Hisor qamoqxonasidagi mahkumlarning qarindoshlari ularni qo‘llab-quvvatlab qamoqxona tashqarisida norozilik aksiyasi o‘tkazgan. Manbalarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari ushbu yig‘inni kuch ishlatib tarqatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy ilk bor ommaviy amnistiya e’lon qilgandi. U 2 mingdan ortiq mahkumni afv etish yoki jazosini yengillashtirish haqida buyruq bergandi.
Live
Barchasi