Qatar-2022. Rossiya va Polsha uchrashuvi yozga qoldirilmoqda
Sport
−
07 mart 2022 5539 2 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Rossiya va Polsha terma jamoalari o‘rtasidagi Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga saralash o‘yinini iyun oyiga ko‘chirish g‘oyasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Polshaning “Interia” portali xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Polsha futbol ittifoqi (PZPN) ertaga, 8 mart kuni e’lon qilinadigan FIFA’ning yakuniy javobini kutmoqda.
Joriy yilning 28 fevral kuni Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) va FIFA Rossiyaning Ukrainaga qilgan bosqini tufayli Rossiya klublari va jamoalarini xalqaro musobaqalarda ishtirok etishni to‘xtatdi. FIFA tomonidan qabul qilingan sanksiyalar munosabati bilan futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasi 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga chiqish huquqi uchun mart oyida bo‘lib o‘tadigan pley-off bosqichida ishtirok etolmaydigan bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya terma jamoasi saralashning yarim final uchrashuvida 24 mart kuni Polsha terma jamoasiga qarshi maydonga tushishi kerak edi. Saralashning qoidasiga binoan ushbu uchrashuv g‘olibi 29 mart kuni Shvetsiya – Chexiya bahsi g‘olibiga qarshi maydonga tushishi lozim bo‘lardi.
Rossiya sportiga kiritilgan cheklovlar
Rus qo‘shinlari Ukrainaga kirgach, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (XDF) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tashkilot faxriy prezidenti va elchisi maqomidan mahrum qildi.
Polsha, Chexiya va Shvetsiya futbol terma jamoasi Jahon chempionatiga saralash doirasida Rossiya bilan o‘yinga borishdan bosh tortdi.
Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) 2022 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finali Sankt-Peterburg shahridan Parijga ko‘chirilganini ma’lum qildi.
FIFA hamda UEFA Rossiya terma jamoalari va klublarini barcha futbol musobaqalaridan chiqarib tashladi.
Xalqaro basketbol federatsiyasi rossiyalik basketbolchilar va rasmiy shaxslarni tashkilot shafeligidagi barcha musobaqalarda ishtirok etishdan chetlashtirdi.
Dunyodagi eng yirik sport kiyimlari kompaniyasi “Adidas” Rossiya futbol jamoalari bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shuningdek, Germaniyaning "Shalke 04" klubi va UEFA'ning o‘zi ham Rossiyaning "Gazprom" transmilliy kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi.
Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (IPC) rossiyalik va belaruslik atletlarni Pekin-2022 Paralimpiya o‘yinlaridan chetlatdi.
Shuningdek, 2023 yilda Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan Maxsus Olimpiada o‘yinlari bekor qilindi.
Live
Barchasi