Qashqadaryolik tadbirkor Prezidentga o‘z fabrikasida ishlab chiqarilgan kiyimni sovg‘a qildi (video)
Jamiyat
−
16:08 948 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryodagi 54 million dollarlik to‘qimachilik fabrikasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha joriy yil 13 martda qabul qilingan qaror doirasida klaster tomonidan mato ishlab chiqarish va bo‘yash fabrikasi tashkil etilgan. Qiymati 54 million dollar bo‘lgan loyiha natijasida yiliga 20 ming tonna mato ishlab chiqarish va bo‘yash quvvatiga ega liniyalar ishga tushirildi. Fabrikada 840 ta ish o‘rni yaratilgan. Mahsulotlar ko‘rgazmasi davomida tadbirkor davlat rahbariga shu yerning o‘zida ishlab chiqarilgan kiyimni taqdim etgan.
Korxonada suv va energiya sarfini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Qiymati 3 million dollar bo‘lgan yopiq suv aylanishi tizimi ishlab chiqarishda foydalanilgan suvning 95 foizdan ortig‘ini tozalab, qayta ishlatish imkonini beradi. Buning hisobiga yiliga 1,1 million kub metr suv tejaladi.
Fabrikani uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun gaz generatori o‘rnatilgan. Bino tomi va devorlariga umumiy quvvati 3,5 megavatt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirilgan. Ushbu yechimlar elektr energiyasi, issiq suv va bug‘ ta’minotidagi xarajatlarni kamaytirib, mahsulot tannarxini pasaytirishga xizmat qiladi.
Kelgusida klaster mazkur erkin iqtisodiy zonada 70 million dollarlik loyihani amalga oshirib, 3 ming 570 ta ish o‘rni yaratishi rejalashtirilgan. Viloyatning boshqa tumanlaridagi qiymati jami 17 million dollar bo‘lgan loyihalar esa yana 1 ming 220 kishini ish bilan ta’minlashi ko‘zda tutilmoqda.
Davlat rahbari fabrikadagi ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishgan. Bu yerda joriy qilingan resurs tejamkor texnologiyalar boshqa to‘qimachilik korxonalari uchun namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Korxonada mehnat qilayotgan Dilorom Xoliyorova Prezident bilan suhbatda ish o‘rni va yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanini bildirib, ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik izhor etgan.
“Inson mehnat qilsa, albatta, natijasi ham boshqacha bo‘ladi. Mana shu yangi avlod tadbirkorlarimiz bilan hozir mutlaqo boshqa darajaga chiqyapmiz, ular nafaqat qo‘shimcha qiymat zanjiri yaratyapti, balki “yashil” texnologiyalar bilan ekologiyaga g‘amxo‘rligini ham namoyon etmoqda”, deydi Prezident.
Live
Barchasi