Qashqadaryodagi maktabda qizlar o‘rtasida janjal chiqdi
3-sahifa
−
15:46 701 2 daqiqa
Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida janjal chiqdi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida yuzaga kelgan o‘zaro kelishmovchilik aks etgan video tarqalgan. Videoda o‘quvchi qizlar janjallashib, bir-birini haqoratlagani va sochlaridan tortgani ko‘rinadi.
Mazkur holat yuzasidan dastlabki o‘rganish ishlari olib borilib, videoda aks etgan voqea ishtirokchilari H. L., R. R., R. M. va B. M. ekani aniqlangan. Holatga oydinlik kiritish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari chaqirtirilib, voqea tafsilotlari atroflicha o‘rganilgan.
O‘rganish davomida holatning kelib chiqish sabablari, voqea ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlar hamda videoda aks etgan vaziyatga oid boshqa holatlar yuzasidan tegishli tushuntirishlar olingan.
Bildirilishicha, mazkur holatga huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar Qarshi shahar IIB bo‘limiga yuborilgan. Hozirda vakolatli organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Surishtiruv yakunlari hamda aniqlangan holatlarga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli huquqiy baho beriladi va yakuniy xulosa chiqariladi. O‘rganish jarayoni boshqarma tomonidan ham nazoratga olingan. Masalaga aniqlik kiritilgach, belgilangan tartibda qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yunusobod tumanida umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida janjal chiqqan edi.
Live
Barchasi