Qashqadaryoda yuzlab fuqarolarni qariyb 6,5 mlrd so‘mga chuv tushirgan firibgarlar qidirilmoqda
Jamiyat
−
09 fevral
11043Qashqadaryo viloyatida 600 nafardan ziyod fuqarolarni qariyb 6,5 milliard so‘mga chuv tushirgan firibgarlar qidirilmoqda. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida 1993 yilda tug‘ilgan S.N. o‘tgan yilning 19 sentyabr kuni Qarshi shahridagi noturar binoda “Qarshi kredit” MCHJni tashkil etgan. MCHJga Toshkent shahrida 1999 yilda tug‘ilgan S.J.ni ish boshqaruvchi etib tayinlagan. Biroq S.J. savdo-sotiq, reklama va boshqa aholiga xizmat ko‘rsatish ishlari bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lsa-da, noqonuniy ravishda ko‘plab fuqarolarning pul-mablag‘larini kredit berish orqali jalb etishga erishgan.
Jinoiy sheriklar birgalikda juda ko‘p mablag‘larni o‘zlashtirish maqsadida fuqarolarga dastlabki to‘lov evaziga kreditga pul berishga kelishib, oldindan boshlang‘ich to‘lov sifatida pulning 20 foizini olib, qolgan, va’da qilingan pullarni mijozlarga bir oy ichida naqd pul shaklida berishini aytib, mijozlarining ishonchini qozonadi. Shundan so‘ng, ular o‘zlarining faoliyatiga qonuniy tus berib, bir oydan ko‘proq vaqt davomida 606 nafar fuqarodan 6 milliard 462 million 550 ming so‘m pullarni qabul qilib olgan. Katta miqdordagi naqd pullarni o‘zlarining shaxsiy manfaatlari uchun ishlatib yuboradi.
Holat yuzasidan 2023 yil 4 oktyabr kuni Qarshi shahar IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilayotgani aytilmoqda. Gumonlanuvchilar S.N. va S.J. noma’lum tomonga yashiringani sababli, ularga nisbatan sirtdan qamoq jazosi tayinlanib, qidiruv e’lon qilingan.