Qashqadaryoda tashlab ketilgan sumka ichidan yigirma kunlik chaqaloq topildi
3-sahifa
−
26 mart
8443Qashqadaryo viloyatidagi shifoxonada zinapoya ostiga tashlab ketilgan sumka ichidan chaqaloq topildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Joriy yil 21 mart kuni Qarshi shahar IIO FMB 4-sonli IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi travmatologiya bo‘limi binosining ikkinchi qavatiga ko‘tarilish zinasi tagiga chaqaloq noma’lum shaxs tomonidan tashlab ketilgan. Hodisa sodir bo‘lgan joy tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan.
Qayd etilishicha, chaqaloq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda tug‘ilganiga yigirma kun bo‘lgani ma’lum bo‘lgan. Ayni paytda uning umumiy ahvoli qoniqarli bo‘lib, tanasida tan jarohati belgilari aniqlanmagan.
Hozirgi kunda chaqaloq Kitob tumanida joylashgan viloyat bolalar uyiga joylashtirilgani, sog‘lig‘i yaxshi ekani bildirilgan.
"Holat yuzasidan hozirda Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.