Qashqadaryoda ikki sobiq hokim bir kunda vafot etdi

Jamiyat

image

Kecha, 4 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumaniga rahbarlik qilgan Yazdurdi Safarov 80 yoshida, 6 yil davomida Nishon tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan Orif To‘xtameshov esa 62 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda Mirishkor va Nishon tuman hokimliklari matbuot xizmati xabar berdi.

Sobiq Bahoriston (ayni paytdagi Mirishkor) tumanida 1990-1995 yillarda rahbarlik qilgan Yazdurdi Taganovich Safarov asli turkman millatiga mansub bo‘lib, 1946 yilda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi Pomuq qishlog‘ida oddiy ishchi oilasida tug‘ilgan. U hayot yo‘lini ta’lim sohasida boshlab, umrining katta qismini qishloq xo‘jaligi taraqqiyotiga bag‘ishlagan.

Mehnat faoliyatini Qarshi tumanidagi 14-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchilikdan boshlagan marhum keyinchalik qishloq xo‘jaligi tizimining turli bo‘g‘inlarida mas’uliyatli lavozimlarda samarali faoliyat yuritgan.

Jumladan, 1970-1979 yillarda Qashqadaryo viloyati “O‘zqishloqxo‘jaliktexnika” birlashmasida bosh agronom va boshliq o‘rinbosari, 1979-1990 yillarda viloyat “Qishloqxo‘jalikkimyo” birlashmasi rahbari, 1990-1995 yillarda sobiq Bahoriston (hozirgi Mirishkor) tumani hokimi, 1995-1996 yillarda “O‘zagrokimyoservis” viloyat boshqaruvi raisining o‘rinbosari, 1996-2001 yillarda “Agrokimyota’minot” Qashqadaryo viloyat bo‘limi raisi, 2001-2004 yillarda “Qishloqxo‘jalikkimyo” hududiy aksiyadorlik jamiyati raisi, 2004-2008 yillarda ushbu jamiyat raisining o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan.

Orif Xo‘jaqulovich To‘xtameshov esa Nishon tumanida 2003-2009 yillar davomida hokim lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, 1992-1994 yillarda Buxoro viloyati hokimi lavozimida ishlagan Damir Yodgorov ham kecha, 4 iyul kuni uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng, 88 yoshida vafot etgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo Mirishkor Nishon Yazdurdi Safarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing