Qashqadaryoda forma uchun pul yig‘ishni buyurgan maktab direktori jazolandi (video)
3-sahifa
−
10:13
14801Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori F.Sh. tomonidan o‘quvchilarning formasi uchun pul yig‘imi tashkil etayotgani aytilgan video tarqalgan edi. Mazkur holatga viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari amalga oshirilgan. Aniqlanishicha, maktab direktori F.Sh. haqiqatdan maktab o‘qituvchilariga joriy yilning 21 yanvar kuni maktabning Telegram guruhiga videomurojaat qilib, barcha o‘quvchilarga “jaket” olinishi maqsadida ko‘rsatma bergan. Oqibatda maktab direktori F.Sh. ga nisbatan boshqarma boshlig‘ining joriy yil 22 yanvardagi tegishli buyrug‘iga asosan o‘rtacha oylik ish haqining 25 foiz miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.
Shuningdek, maktab jamoasiga kelgusida ushbu holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirish berilib, maktabning sinf rahbarlaridan tushuntirish xatlari olingan.
“Ma’lumot uchun, ta’lim tashkilotida majburiy tartibda o‘quvchilarni forma kiyishiga doir pul mablag‘larini yig‘ish, tashkil etish qat’iyan taqiqlanadi. Bu kabi salbiy holatlarni Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi keskin qoralashini ma’lum qilamiz”, deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyati Namangan tumanidagi maktab va davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlariga majburiy ravishda chipta sotgan MMTB xodimiga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgandi.
LiveBarchasi